Yangi tug‘ilgan qizaloq 15 marta pichoqlangan holda topildi

Yangi tug‘ilgan qizaloq 15 marta pichoqlangan holda topildi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Buyuk Britaniyaning Sheffild shahrida yangi tug‘ilgan chaqaloq Mariya Skopovaning o‘limi bilan bog‘liq og‘ir jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda, unda chaqaloq tanasida ko‘plab og‘ir jarohatlar aniqlangan.
  • Bu ish bo‘yicha chaqaloqning 20 yoshli onasi Andrea Skopova, 19 yoshli Piter Xorvat, 38 yoshli Piter Xorvat va 37 yoshli Nina Xorvatova javobgarlikka tortilgan, ular bolaning o‘limiga aloqadorlikda va jinoyat joyini tozalashda ayblanmoqda.

Buyuk Britaniyaning Sheffild shahrida yangi tug‘ilgan qizaloqning o‘limi bilan bog‘liq og‘ir jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilmoqda. Hodisa yuzasidan to‘rt nafar katta yoshli shaxs, jumladan, chaqaloqning 20 yoshli onasi Andrea Skopova javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, 15 yoshli qiz ham odil sudlov jarayoniga to‘sqinlik qilishda ayblanmoqda. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 20 yoshli Andrea Skopova, 19 yoshli Piter Xorvat, 38 yoshli Piter Xorvat va 37 yoshli Nina Xorvatova Slovakiya fuqarolari hisoblanadi. Ular yangi tug‘ilgan qizaloqning o‘limiga aloqadorlikda ayblanmoqda.

Chaqaloq dastlab sud hujjatlarida “Baby S” nomi bilan qayd etilgan. Biroq shu hafta boshida Sheffildda boshlangan sud jarayonida uning haqiqiy ismi Mariya Skopova ekani ma’lum bo‘ldi.

Prokuror sudda chaqaloq tanasida ko‘plab jarohatlar aniqlanganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, qizaloqning yuzi hamda tanasining old va orqa qismida og‘ir jarohatlar bo‘lgan.

Mariyaning jasadi joriy yilning 30 avgust kuni Janubiy Yorkshirning Sheffild shahridagi Uinkobank hududida joylashgan uyga qarashli qo‘shimcha binodan topilgan. Chaqaloq sochiqqa o‘ralgan holda, ko‘k rangli sumkaga solingan va kir yuvish mashinasi ustiga qo‘yilgan bo‘lgan.

Sudda prokuror Skopova chaqaloqning onasi ekanini, bolaning otasi esa noma’lumligini aytdi. Skopovaning sevgilisi Piter Xorvat ham ayblanuvchilar qatorida. Xorvat qolgan ikki katta yoshli sudlanuvchi — Piter Xorvat va Nina Xorvatovaning o‘g‘li hisoblanadi. Biroq sudda uning chaqaloqning biologik otasi emasligi ma’lum qilindi.

To‘rt nafar katta yoshli sudlanuvchiga bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan yoki uning o‘limiga yo‘l qo‘yganlik bilan bir qatorda, jinoyat sodir etilgan joyni tozalash va shu orqali odil sudlov jarayoniga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq qo‘shimcha ayblovlar ham qo‘yilgan.

Bundan tashqari, 15 yoshli qiz ham mazkur sud majlisida odil sudlov jarayoniga to‘sqinlik qilishda ayblangan. Qonun talablariga ko‘ra, uning shaxsi oshkor qilinmagan.

Sudlanuvchilar 2 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni na tan olgan, na rad etgan. Sudya Jeremi Richardson barcha sudlanuvchilarni hibsda saqlash haqida qaror qabul qilgan.

Navbatdagi sud majlisi joriy yilning 14 dekabriga belgilangan.

Ma’lum qilinishicha, ish bo‘yicha asosiy sud jarayoni 2027 yil 12 apreldan boshlanishi rejalashtirilgan. Asosiy sud muhokamalari olti-yetti hafta davom etishi kutilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar