Olimlar saratonga sabab bo‘lishi mumkin infeksiyalarni aniqladi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- 2024-yilda aniqlangan saraton holatlarining qariyb 12 foizi, ya’ni taxminan 2,3 million bemor infeksiyalar bilan bog‘liq bo‘lgan.
- Tadqiqotda Helicobacter pylori, inson papilloma virusi (HPV), B va C gepatiti viruslari hamda Epstein–Barr virusi saraton rivojlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan asosiy infeksiyalar sifatida ko‘rsatilgan.
Dunyoda har sakkizinchi saraton holatiga ayrim infeksiyalar sabab bo‘lishi mumkin. Yangi tadqiqotda olimlar saraton rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan bir nechta infeksiya turlarini aniqladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ular tufayli kelib chiqadigan ko‘plab holatlarning oldini olish imkoni bor.
Saratonni o‘rganish bo‘yicha xalqaro agentlik (IARC) olimlari o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2024 yilda dunyoda qayd etilgan barcha saraton tashxislarining qariyb 12 foizi infeksiyalar bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu taxminan 2,3 million nafar bemor degani. Ilmiy tadqiqot natijalari The Lancet Oncology jurnalida chop etilgan.
Tadqiqotchilar saraton rivojlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan asosiy infeksiyalar qatoriga Helicobacter pylori bakteriyasi, inson papilloma virusi (HPV), B va C gepatiti viruslari, shuningdek, Epstein–Barr virusini kiritgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatganki, yangi saraton holatlarining qariyb 4 foizi H. pylori bakteriyasi bilan bog‘liq bo‘lgan. Yana taxminan 4 foiz holatga HPV sabab bo‘lgan. B gepatiti virusi qariyb 2 foiz, Epstein–Barr virusi esa 1 foiz holatda aniqlangan.
Olimlarning ma’lum qilishicha, infeksiyalar 20 dan ortiq saraton turi rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ular orasida oshqozon, jigar va bachadon bo‘yni saratoni, shuningdek, qon saratonining ayrim turlari ham bor.
Infeksiyalarning saraton rivojlanishiga ta’siri bir xil emas. Ayrim viruslar hujayralar faoliyatini izdan chiqarishi yoki o‘zining DNKsini inson hujayralariga kiritishi mumkin. Bu esa hujayralarning normal ishlash jarayoniga ta’sir ko‘rsatadi.
Bakteriyalar esa organizmda uzoq vaqt davom etadigan yallig‘lanish jarayonini keltirib chiqarishi mumkin. Bunday holat hujayralarda mutatsiyalar yuzaga kelish ehtimolini oshiradi va vaqt o‘tishi bilan saraton rivojlanishiga sharoit yaratishi mumkin.
Shu bilan birga, olimlar mazkur infeksiyalar tufayli yuzaga keladigan ko‘plab saraton holatlarining oldini olish mumkinligini ta’kidlamoqda. Buning uchun mavjud tibbiy imkoniyatlardan o‘z vaqtida foydalanish muhim.
Hozirgi kunda HPV va B gepatitiga qarshi vaksinalar mavjud. Shuningdek, Helicobacter pylori infeksiyasini maxsus tekshiruvlar orqali aniqlash va antibiotiklar yordamida davolash mumkin.
C gepatitini davolashda esa virusga qarshi dorilardan foydalaniladi. Mutaxassislarning fikricha, infeksiyalarni erta aniqlash, profilaktika choralariga amal qilish va mavjud davolash usullaridan foydalanish saratonning ayrim turlarini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.






























Izohlar 0
…