Toshkentda mahkum qamoqxonadan turib narkosavdoni boshqargan: 9 kishi sudlandi

Toshkentda jazoni ijro etish koloniyasida jazo o‘tayotgan mahkum uyali telefon orqali giyohvandlik moddalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgani aniqlandi. Ushbu jinoiy faoliyatga aloqador yana sakkiz nafar sherigi ham qo‘lga olindi. Jinoyat ishi bo‘yicha jami 9 kishi sudlandi. Bu haqda Oliy sud vakili Aziz Obidov ma’lum qildi.
Tergov materiallariga ko‘ra, mahkumga koloniya rahbari tomonidan telefondan foydalanish va taqiqlangan faoliyat bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratilgan. U ozodlikda bo‘lgan sheriklari yordamida giyohvandlik vositalarini tarqatishni tashkil etgan.
Tezkor tadbirlar davomida jinoiy guruhga aloqador deb gumon qilingan 9 nafar shaxs qo‘lga olingan. Ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida ko‘rib chiqildi.
Sud hukmiga ko‘ra, guruh rahbari bo‘lgan mahkum Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan aybdor deb topilib, 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Shuningdek, u o‘ta xavfli retsidivist deb topilib, jazoni maxsus tartibli koloniyada o‘tashi belgilandi.
Jinoiy guruhning yana olti nafar erkak a’zosi 10 yildan 14 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi.
Guruh tarkibida bo‘lgan ikki nafar ayolga ham sud tomonidan jazo tayinlandi. Ulardan biri avvalgi hukmi bo‘yicha o‘talmagan jazo muddati ham hisobga olingan holda 8 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, unga jazoni o‘tash muassasasida giyohvandlikdan majburiy davolanish chorasi belgilandi.
Guruhning ikkinchi ayol a’zosi esa 7 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…