Gruziyada oddiy og‘riq qoldiruvchi dori uchun qozog‘istonlik 16 yilga qamaldi

Gruziyada oddiy og‘riq qoldiruvchi dori uchun qozog‘istonlik 16 yilga qamaldi

Qozog‘istonlik yuk mashinasi haydovchisi Gruziyada avtomobilidagi dori qutisida olib yurgan og‘riq qoldiruvchi preparat sababli 16 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Erkakning oilasi sud qaroridan shikoyat qilishni rejalashtirmoqda.

Tengrinews xabariga ko‘ra, Shuchinsk shahrida yashovchi haydovchi aprel oyida Gruziyaning Poti portida qo‘lga olingan. U bel va umurtqa pog‘onasidagi kuchli og‘riqlar tufayli o‘zi bilan og‘riqsizlantiruvchi dori olib yurgan.

Biroq Gruziya qonunchiligiga ko‘ra, ushbu preparat psixotrop va giyohvandlik moddalari qatoriga kiritilgan. Shu bois haydovchi hibsga olingan va unga nisbatan sud jarayoni boshlangan.

Haydovchining rafiqasi besh oy davomida turmush o‘rtog‘ini ozodlikka chiqarish uchun harakat qilgan. Masalaga Burabay tumani hokimligi va prokuratura ham aralashgan.

Ma’lum qilinishicha, preparatni erkakka Germaniyadagi shifokor tavsiya qilganini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etishning imkoni bo‘lmagan. Endi oila sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati berishni ko‘zlamoqda. Gruziya qonunchiligida buning uchun bir oy muddat belgilangan.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, konsullik xodimlari hibsdagi fuqaro bilan uchrashgan, sud majlislarida qatnashgan va unga advokat topishda yordam bergan. Vazirlik fuqaroga konsullik hamda huquqiy ko‘mak ko‘rsatish davom ettirilishini bildirgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar