Qayrat No‘rtas konsertida tiqilinch yuz berdi, tashkilotchi hibsga olindi

Qozog‘istonning Chimkent shahrida mashhur xonanda Qayrat No‘rtasning konserti vaqtida tomoshabinlar o‘rtasida tiqilinch yuzaga keldi. Hodisa oqibatida sakkiz kishi tibbiy yordamga murojaat qilgan. Konsert tashkilotchisi esa hibsga olingan. Bu haqda KAZINFORM xabar berdi.
Hodisa 10 oktyabr kuni Qajimukan Munaytpasov nomidagi markaziy stadionda sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, konsert uchun sotilgan chiptalar soni maydonning belgilangan sig‘imidan sezilarli darajada oshib ketgan. Natijada stadionga kirish joyida odamlar haddan tashqari ko‘payib, tomoshabinlar xavfsizligiga tahdid yuzaga kelgan.
Chimkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, tibbiy yordamga murojaat qilgan sakkiz kishidan yetti nafari ko‘rikdan so‘ng uyiga yuborilgan. 18 yoshli qiz esa jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlar uning ahvolini og‘ir deb baholagan, biroq sal yaxshilanish kuzatilgan.
Hodisa yuzasidan xavfsizlik talablarini buzish ehtimoli bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Chimkent shahar politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 1984 yilda tug‘ilgan konsert tashkilotchisi qo‘lga olinib, vaqtincha saqlash izolatoriga joylashtirilgan. Hozirda tergov davom etmoqda.
Politsiya ijtimoiy tarmoqlarda hodisa oqibatida odamlar halok bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida vafot etganlar yo‘q.
Chiptalarni sotish bilan shug‘ullangan Freedom Afisha kompaniyasi esa konsert tashkilotchisi Show Service bo‘lganini bildirgan. Kompaniya huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qilgan.






























Izohlar 0
…