G‘ildirakdek yumalaydigan ilonlar olimlarni hayratga soldi (video)

Janubi-Sharqiy Osiyo o‘rmonlarida uchraydigan mayda ilonlarning g‘ayrioddiy harakati olimlarni hayratda qoldirdi. Ular xavf sezganida odatdagidek sudralib qochish o‘rniga, tanasini g‘ildirak shaklida aylantirib, oldinga yumalaydi. Bu haqda Science News xabar berdi.
Tadqiqotchilar Malayziyadagi Borneo orolida uchraydigan Pseudorabdion turkumiga mansub uch xil ilonning harakatini maxsus kameralar yordamida tasvirga olgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ilon avval tanasini «S» shakliga keltiradi, keyin dumini boshi ustidan oldinga tashlab, qisqa vaqt havoga ko‘tariladi. Dumi yerga tekkanidan so‘ng yana bir marta aylanib, harakatni takrorlaydi. Shu tariqa u g‘ildirakdek yumalab, tezlik bilan oldinga siljiydi.
Ilonlar soatiga 13 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi
Tajribalar davomida ayrim ilonlar sekundiga 3,7 metrgacha tezlikka erishgan. Bu soatiga qariyb 13 kilometr degani. Olimlarni yanada hayratlantirgan jihat shundaki, ilon tanasining asosiy qismi aylanayotgan bo‘lsa ham, boshini nisbatan bir xil holatda ushlab tura oladi.
Mutaxassislarning fikricha, bunday g‘ayrioddiy harakat usuli ilonlarga yirtqichlardan tezroq qochish va ularni chalg‘itish imkonini beradi.
Tadqiqot natijalari 19 oktyabr kuni Current Biology ilmiy jurnalida e’lon qilingan. Olimlar ushbu kashfiyot ilonlarning harakatlanish imkoniyatlari haqidagi tasavvurlarni yanada kengaytirishini ta’kidlamoqda.






























Izohlar 0
…