Shimkentda ayol og‘ir ahvoldagi turmush o‘rtog‘iga bir buyragini berdi

Qozog‘istonning Shimkent shahrida yashovchi Aygul ismli ayol og‘ir kasallikka chalingan turmush o‘rtog‘i Nurjanga bir buyragini berdi. 21 oktyabr kuni №1 shahar klinik shifoxonasida o‘tkazilgan transplantatsiyadan so‘ng er-xotinning ahvoli barqaror ekani ma’lum qilindi. Bu haqda Otyrar.kz xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Nurjanning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar joriy yil avgust oyida boshlangan. U ish joyida yuragi to‘xtab, klinik o‘lim holatini boshdan kechirgan. Shoshilinch ravishda shifoxonaga olib kelingan erkakning buyrak faoliyatida jiddiy buzilish aniqlangan. Shundan so‘ng unga dializ muolajasi tayinlangan.
Dastlab Nurjanga uning tug‘ishgan opasi donor bo‘lishi rejalashtirilgan. Biroq tibbiy tekshiruvlar natijasi bunga imkon bermagan. Shundan keyin turmush o‘rtog‘i Aygul donor bo‘lishga qaror qilgan.
Zarur tibbiy tekshiruvlardan o‘tgan er-xotin qariyb bir oy davomida operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rgan. 21 oktyabr kuni o‘tkazilgan transplantatsiya muvaffaqiyatli yakunlangan.
Transplantolog shifokor Rahimjan Joldibekovning aytishicha, operatsiyadan keyin bemorning laboratoriya ko‘rsatkichlarida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan. Xususan, qondagi kreatinin miqdori 70 gacha, mochevina darajasi esa 3,5 gacha pasaygan.
Hozirda donor Aygul va uning turmush o‘rtog‘i Nurjanning ahvoli barqaror. Oldinda ularni reabilitatsiya davri va shifokorlar nazorati kutmoqda.






























Izohlar 0
…