Ispaniyadagi poyezdlar halokatiga olib kelgan xatolar zanjiri ma’lum bo‘ldi

Ispaniyadagi poyezdlar halokatiga olib kelgan xatolar zanjiri ma’lum bo‘ldi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Ispaniyaning Toledo viloyatida 28 oktyabr kuni ikki tezyurar poyezd to‘qnashuvi oqibatida 69 kishi halok bo‘ldi va 200 dan ortiq yo‘lovchi jarohatlandi.
  • Fojiaga temiryo‘l xavfsizlik tizimidagi texnik nosozliklar hamda Adif dispetcherlik markazining harakatni qayta tiklash bo‘yicha noto‘g‘ri qabul qilgan qarori sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Ispaniyada 28 oktyabr kuni ikki tezyurar poyezd to‘qnashib ketishi oqibatida 69 kishi halok bo‘ldi, 200 dan ortiq odam jarohatlandi. Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, fojiaga temiryo‘l xavfsizlik tizimidagi bir nechta texnik nosozlik va dispetcherlik markazining harakatni qayta tiklash bo‘yicha qarori sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda «El País» nashri xabar berdi.

Halokat Madriddan taxminan 130 kilometr janubdagi Toledo viloyatining Urda shahri yaqinida sodir bo‘lgan. Soat 08:53 da Madriddan Sevilya tomon harakatlanayotgan Renfe kompaniyasining AVE tezyurar poyezdi shu yo‘nalishda to‘xtab turgan Iryo poyezdiga orqadan kelib urilgan. To‘qnashuv oqibatida bir nechta vagon izdan chiqib, yonbag‘irga qulab tushgan.

«El País» ma’lumotlariga ko‘ra, hodisadan oldin soat 08:30 atrofida poyezdlar harakatini nazorat qiluvchi LZB avtomatik xavfsizlik tizimida nosozlik yuz bergan. Kompyuterlar o‘rtasidagi aloqa uzilishi oqibatida tizim ishdan chiqqan. Keyinchalik GSM-R aloqa tizimi, temiryo‘l yo‘l zanjirlari va elektr ta’minotida ham muammolar aniqlangan.

Nosozlik sabab bir nechta poyezd avtomatik ravishda to‘xtatilgan. Soat 08:36 da Madriddagi Adif dispetcherlik markazi Renfe poyezdi mashinistiga harakatni davom ettirishga ruxsat bergan. Biroq shu vaqtda oldindagi Iryo poyezdi hali ham yo‘lda to‘xtab turgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, soat 08:41 da dispetcherlik markazi Iryo poyezdi harakatlana olmayotganidan xabardor bo‘lgan. Uning mashinisti soat 08:48 da ham poyezd hali to‘xtab turganini bildirgan. Shunga qaramay, Renfe poyezdi harakatini davom ettirgan va soat 08:53 da to‘qnashuv sodir bo‘lgan.

Tergovchilarning e’tibori dispetcherlik markazi qabul qilgan qarorlarga ham qaratilgan. Vazir Oskar Puentening bildirishicha, nosozlikdan keyin poyezdni harakatga qaytarish tartibi noto‘g‘ri qo‘llangan bo‘lishi mumkin. Jumladan, oldindagi poyezd yo‘lni bo‘shatmaguncha orqadagi poyezdni odatiy tezlikda harakatlantirishga ruxsat berilmasligi kerak edi.

Hozirda mutaxassislar texnik nosozliklar, dispetcherlik markazidagi qarorlar va boshqa ehtimoliy omillarni o‘rganmoqda. Halokatning aniq sabablari tergov yakunlari va rasmiy xulosa e’lon qilinganidan keyin ma’lum bo‘ladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar