Britaniyalik erkak 28 yilda 29 davlatni piyoda kezib chiqdi

Britaniyalik erkak 28 yilda 29 davlatni piyoda kezib chiqdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • 57 yoshli britaniyalik Karl Bushbi 28 yil davomida transport vositalaridan foydalanmasdan, 50 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tib, 29 davlatni kezib chiqdi.
  • Uning sayohati Chili janubidan boshlanib, Bering bo‘g‘ozini piyoda kesib o‘tgan birinchi inson bo‘lishi va Kaspiy dengizi bo‘ylab 296 kilometr suzishi kabi qiyinchiliklarni o‘z ichiga olgan.

Buyuk britaniyalik 57 yoshli sayyoh Karl Bushbi 28 yil davomida dunyo bo‘ylab piyoda va suzib sayohat qilib, 50 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tdi. U 1998 yil noyabr oyida Chili janubidan boshlagan safarining asosiy qismini yakunlab, nihoyat Angliyaga yetib keldi.

Bushbi sayohati davomida jami 29 ta davlatda bo‘ldi. Uning g‘ayrioddiy safardagi asosiy sharti transportdan foydalanmasdan, barcha masofani o‘z kuchi bilan bosib o‘tish edi.

Dunyo xaritasida Yevropa, Osiyo va Amerikani bog‘lovchi uzun qizil chiziq tasvirlangan.

Sayyoh yo‘l davomida bir qancha xavfli va murakkab hududlarni kesib o‘tdi. Jumladan, Kolumbiyada qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgan davrda Dariyen darasidan piyoda o‘tdi. Shuningdek, u Bering bo‘g‘ozini sharqdan g‘arbga qarab piyoda kesib o‘tgan birinchi inson bo‘ldi. Bundan tashqari, Kaspiy dengizi bo‘ylab 296 kilometr suzib o‘tdi.

Gidrokostyumdagi erkak va suvda suzayotgan g‘avvosning yonma-yon surati.

Bushbining sayohatidagi so‘nggi yirik sinovlardan biri La-Mansh bo‘g‘ozini suzib o‘tish bo‘ldi. U 5 oktyabr kuni Fransiya qirg‘og‘idan Angliyaning Duvr shahriga yetib keldi. Suzish uch kun davomida amalga oshirilib, jami 20 soatga yaqin vaqt oldi. Sohilda uni otasi, aka-ukalari va do‘stlari kutib oldi. Sayyoh haqida hujjatli film suratga olayotgan nemis rejissyori Verner Gersog ham uni qarshi olganlar orasida bo‘ldi.

Sobiq desantchi safar oldidan o‘ziga ikki shart qo‘ygan: yo‘lda transportdan foydalanmaslik va belgilangan manzilga o‘z kuchi bilan yetib bormasdan ortga qaytmaslik. U barcha buyumlarini «Yirtqich hayvon» deb nomlagan maxsus aravachada olib yurdi.

Dastlab Bushbi sayohatni 12 yilda tugatishni rejalashtirgan edi. Biroq viza muammolari, 2008 yilgi jahon moliyaviy inqirozi va koronavirus pandemiyasi sababli safar ancha cho‘zildi. Rossiya rasmiylari Bering bo‘g‘ozini kesib o‘tganidan keyin unga uzoq vaqt viza bermagani ham sayohatga to‘sqinlik qilgan.

Shunga qaramay, Bushbi maqsadiga yetishishda davom etdi. Hozircha uning safari to‘liq yakunlanmagan: sayyoh Angliya shimolida joylashgan tug‘ilib o‘sgan Hall shahrigacha yana taxminan 400 kilometr yo‘lni piyoda bosib o‘tishi kerak.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar