Daromad va til muhim: Buyuk Britaniyada muhojirlar uchun yangi talablar joriy qilinmoqda

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Buyuk Britaniya hukumati xorijliklarning mamlakatda doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritish jarayonini keskinlashtirib, Indefinite Leave to Remain maqomini olish uchun bazaviy muddatni 5 yildan 10 yilgacha oshirmoqda.
- Ichki ishlar vaziri Shabana Mahmud ta’kidlaganidek, yangi qoidalarga ko‘ra, kutish muddati muhojirlarning yillik daromadi, qonunlarga rioya qilishi va jamiyatga integratsiyalashuv darajasiga qarab 3 yildan 30 yilgacha etib belgilandi.
Buyuk Britaniya hukumati mamlakat immigratsiya qonunchiligini tubdan o‘zgartiruvchi va qoidalarni keskinlashtiruvchi keng ko‘lamli islohotlar paketini e’lon qildi. Britaniya OAVlarining mamlakat Ichki ishlar vaziri Shabana Mahmudga tayanib xabar berishicha, endilikda xorijlik fuqarolar uchun doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritish jarayoni sezilarli darajada qiyinlashadi.
Yangi rejaga ko‘ra, xorijliklarga Buyuk Britaniyada muddatsiz yashash, ishlash, o‘qish hamda davlat ijtimoiy nafaqalari va imtiyozli uy-joy olish imkonini beruvchi Indefinite Leave to Remain (ILR) maqomini olish uchun asosiy bazaviy muddat hozirgi 5 yildan 10 yilgacha oshirilishi taklif etilmoqda.
Yangi gradatsiya: Kim qancha yil kutishiga to‘g‘ri keladi?
Islohot doirasida kutish muddatlari muhojirlarning yillik rasmiy daromadi, qonunlarga rioya qilishi va mahalliy jamiyatga integratsiyalashuv darajasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanadi:
3 yil: Yillik rasmiy daromadi 125 ming funt sterlingdan oshadigan yuqori malakali va badavlat immigrantlar uchun;
5 yil: Yiliga 50 ming funt sterlingdan ko‘proq maosh oluvchi mutaxassislar uchun;
10 yil: Qonuniy asosda yashab, mehnat qilayotgan ko‘pchilik immigrantlar uchun bazaviy standart muddat;
20 yilgacha: Viza tartibini buzganlar, belgilangan davlat nafaqalarini oluvchilar va ayrim maxsus toifalar uchun;
30 yilgacha: Mamlakatga noqonuniy kirib kelgan, ishlamaydigan va o‘qimaydigan migrantlar uchun.
Til, tarix va soliqlar bo‘yicha yangi talablar
Shunchaki mamlakat hududida belgilangan muddat davomida yashashning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Nomzodlar qator majburiy sinovlardan o‘tishi shart:
Ingliz tilini mukammal bilish darajasini rasman tasdiqlash;
Buyuk Britaniya tarixi, madaniyati va davlat qonunchiligi bo‘yicha maxsus imtihonni topshirish;
Sudlanmaganlik, davlat oldida qarzdorlik yo‘qligi va barcha soliq talablariga to‘liq muvofiq kelish.
Reformadan ko‘zlangan maqsad va migratsiya statistikasi
Ichki ishlar vaziri Shabana Mahmudning ta’kidlashicha, ushbu cheklovlar immigrantlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun sarflanadigan ulkan davlat xarajatlarini qisqartirish hamda tizimni britan soliq to‘lovchilari uchun adolatli qilishga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida, 2021 yildan 2024 yilgacha bo‘lgan davrda Buyuk Britaniya aholisi migratsiya oqimi hisobiga qariyb 2,6 million kishiga ko‘paygan. Hozirda migratsiya sur’ati sezilarli darajada pasaymoqda: 2025 yilda sof migratsiya ko‘rsatkichi qariyb 117 ming kishini tashkil etib, o‘tgan yillarga qaraganda ikki baravar kamaydi. Biroq avvalgi yillarda kelgan ulkan to‘lqinning katta qismi amaldagi tartib bo‘yicha yaqinda doimiy yashash huquqini olish arafasida turgani sababli yangi qonunchilik tezlashtirilmoqda.































Izohlar 0
…