2026 yil tarixdagi eng issiq yillar reytingini yangilashi mumkin

2026 yil meteorologik kuzatuvlar tarixidagi ikkinchi eng issiq yil sifatida qayd etilishi mumkin. Bu haqda Yevropaning iqlim o‘zgarishlarini kuzatish xizmati — «Copernicus» ma’lum qildi.
Mutaxassislar prognozlariga ko‘ra, 2026 yilning o‘rtacha global harorat bo‘yicha tarixda ikkinchi o‘rinni egallash ehtimoli taxminan 80 foizga teng. Shu bilan birga, joriy yilda harorat 2024 yilda qayd etilgan rekord darajani takrorlashi yoki undan ham yuqori ko‘rsatkichga chiqishi ehtimoli 20 foiz atrofida baholanmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026 yil davomida o‘rtacha global harorat 1850–1900 yillardagi sanoatgacha bo‘lgan davr ko‘rsatkichidan 1,56–1,61 daraja Selsiy yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, haroratning 1,5 darajali chegaradan oshib ketish ehtimoli 99 foizdan yuqori deb baholangan.
Agar ushbu prognozlar o‘z tasdig‘ini topsa, 2026 yil global harorat sanoatgacha bo‘lgan davr darajasidan 1,5 darajaga yuqori bo‘lgan ikkinchi kalendar yil sifatida tarixga kiradi. Bungacha bunday ko‘rsatkich 2024 yilda kuzatilgan edi.
Bundan tashqari, iqlimshunoslar 2023–2026 yillarni o‘z ichiga olgan to‘rt yillik davrdagi o‘rtacha global harorat ham 1,5 darajali ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lishini taxmin qilmoqda. Bu esa sayyoradagi global isish jarayoni yuqori sur’atlarda davom etayotganini ko‘rsatuvchi muhim belgilardan biri hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, iqlim bo‘yicha Parij bitimida global isishni sanoatgacha bo‘lgan davrga nisbatan 1,5 darajagacha cheklash uchun sa’y-harakatlarni amalga oshirish belgilangan. Mazkur maqsad iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, mutaxassislar alohida bir kalendar yilda global haroratning 1,5 darajali chegaradan oshib ketishi Parij bitimining uzoq muddatli maqsadi uzil-kesil buzilganini anglatmasligini ta’kidlaydi. Chunki bitimdagi ushbu chegara alohida yillar emas, balki uzoq muddatli harorat o‘zgarishlari asosida baholanadi.






























Izohlar 0
…