Dunyoga mashhur Fiona begemot nobud bo‘ldi

AQSHning Sinsinnati hayvonot bog‘ida yashagan, dunyoga mashhur Fiona ismli begemot nobud bo‘ldi. U o‘tgan hafta yashash hududiga tasodifan tushib qolgan to‘qilgan bosh kiyimni yutib yuborgan edi. Veterinariya xodimlarining uni qutqarish uchun qilgan barcha urinishlari samara bermadi. Bu haqda hayvonot bog‘i ma’muriyati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mutaxassislar begemotning organizmidagi bosh kiyimni chiqarish uchun bir necha bor urinishgan. Fiona kecha-kunduz veterinariya nazoratida bo‘lgan, unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, uning ahvoli yaxshilanmagan.
Hayvonot bog‘i direktori Deyv Jenike Fionaning o‘limi ular uchun kutilmagan yo‘qotish bo‘lganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, hayvonni parvarish qilgan xodimlar uni saqlab qolish uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni amalga oshirgan.
Fiona 2027 yil yanvar oyida 10 yoshga to‘lishi kerak edi. U 2017 yilda muddatidan olti hafta oldin, juda kichik va zaif holatda dunyoga kelgan. Tug‘ilganida vazni atigi 11,3 kilogramm bo‘lgan. Veterinarlar va hayvonot bog‘i xodimlari uning hayotini saqlab qolish uchun uzoq vaqt kurashgan.
Keyinchalik Fionaning yashab qolish uchun kurashi haqidagi hikoya internet orqali butun dunyoga tarqaldi. U millionlab insonlarning mehrini qozonib, Sinsinnati hayvonot bog‘ining eng mashhur jonivorlaridan biriga aylandi.
Hayvonot bog‘i vakillari Fionaning o‘limi uni parvarish qilgan xodimlar va butun dunyodagi muxlislari uchun og‘ir yo‘qotish bo‘lganini bildirdi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…