«Miss Universe» ishtirokchisi 30 kilogrammlik ulkan qanotli libosda chiqadi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Qozog‘istonlik Alina Ri «Miss Universe – 2026» tanlovida og‘irligi qariyb 30 kilogramm bo‘lgan «Oltin burgut: Qozog‘iston ruhi» nomli milliy libosda sahnaga chiqadi.
- Qiymati 5 million tengedan oshadigan ushbu libos SV Muse brendi tomonidan yarim yildan ortiq vaqt davomida tayyorlangan.
- Kostyum maxsus mexanizm yordamida ochiladigan ulkan qanotlar va davlat bayrog‘i elementlarini o‘zida mujassam etgan.
Qozog‘istonning «Miss Universe – 2026» («Koinot go‘zali») xalqaro go‘zallik tanlovidagi vakili Alina Ri sahnaga og‘irligi qariyb 30 kilogramm bo‘lgan milliy libosda chiqadi. Qiymati 5 million tengedan (taxminan 131,7 million so‘m) oshadigan ushbu libos o‘zining noodatiy dizayni va harakatlanuvchi qanotlari bilan ajralib turadi. Bu haqda «Kursiv Kazakhstan» xabar berdi.
«Oltin burgut: Qozog‘iston ruhi» deb nomlangan milliy libos mamlakat davlat bayrog‘idan ilhomlanib yaratilgan. Unda Qozog‘iston ramzlarining asosiy elementlari, jumladan, osmonrang fon, oltin rangdagi quyosh, qanotlarini keng yozgan burgut va an’anaviy qozoq milliy naqshlari o‘ziga xos tarzda uyg‘unlashtirilgan.
Kostyumning eng diqqatga sazovor qismi — oltin rangdagi ulkan qanotlar hisoblanadi. Maxsus mexanizm yordamida ular sahnada ochilib, libosga yanada ta’sirchan ko‘rinish beradi. Kiyimning uzun shleyfi esa harakat davomida burgutning keng dashtlar uzra parvozini ifodalaydi. Bosh kiyim ham umumiy kompozitsiyaga mos ravishda quyosh shaklidagi oltin toj ko‘rinishida tayyorlangan.
Ma’lum qilinishicha, libosni yaratish ishlari SV Muse brendi tomonidan amalga oshirilgan. Uni tayyorlash jarayoni joriy yilning aprel oyida boshlangan va yarim yildan ortiq vaqt davom etgan. E’tiborlisi, milliy libosning asosiy g‘oyasi tanlovda Qozog‘iston nomidan ishtirok etayotgan Alina Rining o‘zi tomonidan taklif qilingan.
Ma’lumot uchun, Alina Ri «Miss Qazaqstan – 2025» milliy go‘zallik tanlovining g‘olibi hisoblanadi. U «Miss Universe – 2026» xalqaro tanlovida Qozog‘iston sharafini himoya qilmoqda.
Joriy yilgi «Koinot go‘zali» tanlovi Puerto-Rikoda bo‘lib o‘tmoqda. Ishtirokchilarning milliy liboslar namoyishi Ostona vaqti bilan 22 noyabr kuni soat 04:00 da boshlanadi. Tanlovning katta finali hamda g‘olibga toj kiydirish marosimi esa 25 noyabr kuni soat 05:00 ga belgilangan.
Alina Rining 30 kilogrammlik milliy libosdagi chiqishi tanlovning eng qiziqarli namoyishlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…