00:14 / 30.05.2018
5 055

Nima uchun Dog‘istonda er-xotinning ajrashish hodisasi ko‘payib bormoqda?

Nima uchun Dog‘istonda er-xotinning ajrashish hodisasi ko‘payib bormoqda?
Ha, ajrashish mavzusi hozirgi Dog‘istonda haqiqatan tez-tez tilga olinadigan bo‘ldi. Dog‘iston ayollari uchun erini tashlab ketish, ajrashish sharmandalik hisoblanmay qo‘ydi. Ammo bu ajrashishlar, yetim bolalar sonini ko‘paytirishning tub sababi nimada?..

Agar ichkariroq kirib nazar solsangiz, Dog‘istonda ko‘p narsalar o‘zgarib ketganiga guvoh bo‘lasiz. Yoshlar hozir qadimiy urf-odatlarga, qonunlarga amal qilmay qo‘ygan. Xuddi shu odat va qonunlar qachonlardir oilalarni ajrashish, buzilishdan asrab kelgan, axir!..

Bundan bir necha o‘n yillar oldin dog‘istonlik ayol uchun erining haydab yuborishi, oilasining buzilishi rostakamiga sharmandalik hisoblangan. Bu ayolni ota uyidagilar ham sig‘dirishmagan, iloji boricha erinikiga qaytarishga urinishgan. Xudo ko‘rsatmasin, er bu ayol bilan yarashishni, birga hayot kechirishda davom etishni istamasa, tamom, ayol bir umr ta’na va malomatlar ostida yashashga mahkum bo‘lgan. Uni qaytib hech bir erkak xotinlikka olmagan.

Bugun esa butkul boshqa muhit hukm surmoqda. Ota-onalar qizini topish-tutishining tayini yo‘q, dangasa, piyonista, qimorboz, narkoman kuyovlarga aslo ravo ko‘rishmaydi. Basharti yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, ayol eri bilan ajrashishga qaror qilsa, ota-ona bu qarorini qarsak chalib kutib olmoqda. Chunki biladi, kuyov hech qachon o‘nglanmaydi, boyib ketmaydi, bir umr maoshdan maoshgacha qiynalib yashaydi. Qizi esa ikkinchi marta turmushga chiqaman desa, erkaklar jon deb uylanadi. Mayli, ikkinchi xotin bo‘lib tegsa ham baxtini topib ketsa bo‘ldi-da!..

Hozirgi Dog‘iston qiz-juvonlari dangasa, topish-tutishi yaxshi bo‘lmagan erkaklarni pisand qilishmaydi. Unday erkak bilan yashash yetti uxlab tushlariga ham kirmaydi. Shu erni deb bir umr o‘zlari pul topish, ro‘zg‘or tebratishni zinhor xohlashmaydi. Undan ko‘ra ota uyiga qaytishni, mustaqil hayot kechirishni ma’qul ko‘rishadi.

Endi erkakning xiyonati masalasida bir og‘iz so‘z. Agar eri yaxshi pul topsa, oilasini har taraflama ta’minlab qo‘ya olsa, demak, uning xiyonati kechiriladi. Xotin bo‘lmish ko‘z yosh qilsa-da, erini kechiradi. Hatto shu er ikkinchi, uchinchi xotinga uylansa ham ko‘z ochib ko‘rgan xotini miq etmaydi. Ichidan ich qirindi o‘tgan taqdirda ham erining qarorini olqishlaydi.

Piyonistalik, narkomanlik Dog‘istonda hozir er-xotin ajrashib ketishining bosh sababiga aylangan. Lekin puli yetarli bo‘lgan erkakning bu zararli odatlari ham xotini tarafidan kechiriladi. Xotin farzandlarini oyoqqa turg‘azish shartligini, bir kun kelib eri o‘nglanishini bahona qiladi-yu, piyonista, narkoman erning bu qiliqlariga ko‘z yumadi. Xuddi shunday ko‘z yumgan holda bir umr yashab ketadi. Hatto, bu hayotga o‘rganib ham ketadi.

Dog‘istonning hozirgi qiz-juvonlari nimani ko‘ra olishmaydi? Ular oilada qaynona-qaynota, qaynegachilarning hayotga aralashuvini yoqtirishmaydi. Mustaqil, qaynona-qaynota aralashuvisiz eri bilan hayot kechirishni istashadi. Keyin… Qaynona-qaynotasiga qora terga botib xizmat qilishni yoqtirishmaydi. Ular juda talabchan va xudbin, qaysar. Sergaklik, dadillik bilan o‘z xotinlik, ayollik huquqlarini talab qilishadi. O‘ta prinsipiallikka yopishib olishgan. Mabodo aytganlari bo‘lmasa, oilada ular xohlagan muhit yaratilmasa, ota-onasining bu qizi turmushga chiqishi uchun millionlab pul sarflaganiga ham qarab o‘tirishmaydi. Darhol ajrashish haqida sudga ariza topshirishadi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Nima uchun Dog‘istonda er-xotinning ajrashish hodisasi ko‘payib bormoqda?