Dog‘istonda sayyoh harakati keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi

Dog‘iston hududida yuz bergan noxush holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Tarqalgan videolarda rossiyalik ayol homilador eshakka minib, uni harakatlantirish maqsadida qorniga tepganini ko‘rish mumkin.
Kadrlarda ayol hayvonni bo‘ynidan quchoqlab olgan holda, uni tezroq yurishga majbur qilish uchun bir necha bor tepgani aks etgan. Bu holat atrofdagilar ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, ayrim sayyohlar buni jiddiy qabul qilmay, hatto kulgu bilan qarshi olgani ham tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Mahalliy aholi mazkur holatni keskin qoralab, bu nafaqat hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik, balki umumiy insoniy qadriyatlarga zid ekanini ta’kidlamoqda. Shuningdek, ular turistlar va ekskursiya gidlarining mas’uliyatini oshirish, bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha chora ko‘rish zarurligini bildirishmoqda.
Hozirda fuqarolar tomonidan vakolatli idoralarga murojaatlar yo‘llanib, voqea yuzasidan tekshiruv o‘tkazish talab qilinmoqda. Mutaxassislar esa hayvonlarga nisbatan munosabatda qonun normalariga rioya qilish har bir insonning burchi ekanini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!