20:53 / 25.12.2018
7 116

Habib Nurmuhamedov “Erto‘g‘rul” seriali tasvirga olish maydonchasiga tashrif buyurdi (foto)

Habib Nurmuhamedov “Erto‘g‘rul” seriali tasvirga olish maydonchasiga tashrif buyurdi (foto)
Mutloq janglar chempionati (UFC) chempioni Habib Nurmuhamedov Turkiyaga bordi. Sportchi 2014 yildan buyon rejissyor Metin Gunay tomonidan suratga olib kelinayotgan “Tirilish. Erto‘g‘rul” serialining suratga olish maydonchasida bo‘ldi, deb yozmoqda Qalampir nashri.

Habib Nurmuhamedovga serial prodyuseri va ssenariy muallifi Mehmet Bo‘zdog‘ hamrohlik qilgan. U tasvirga olish maydonchasida bo‘lib, serialning suratga olinishi bilan yaqindan tanishgan. O‘tovlarda bo‘lib, aktyorlar bilan suhbat qurgan. Bosh rol ijrochilari Engin Altan, Jengiz Joshkun, Nuriddin So‘nmas bilan uchrashib, suratga tushgan va bu suratlarni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirgan.

Ma’lumot o‘rnida, 2014 yilning 10 dekabridan TRT telekanali orqali efirga uzatilib kelinayotgan “Tirilish. Erto‘g‘rul” serialida bir necha bor Samarqand va Buxoro shaharlari haqida so‘z boradi. Unda film qahramonlari Samarqand va Buxoroni muqaddas shaharlar deb atab, Chingizxon bu shaharlarni yoqib kul etgani aytiladi.

“Tirilish. Erto‘g‘rul” serialining tomoshabinlar soni kun sayin ortib bormoqda. Dunyoning 50 mamlakatida turk, ingliz, rus, fransuz, nemis, xitoy, koreys, yapon tillariga tarjima qilingan ushbu serial bir necha oydirki O‘zbekiston telekanalarida ham eng ko‘rimli seriallar qatoriga qo‘shildi.

Serialda turkiy xalqlarning o‘zaro qardoshligiga alohida e’tibor qaratilgan. Ota va o‘g‘il munosabatlaridagi hurmat, oilaga, yurtga, do‘stlikka sadoqat mohirona ko‘rsatilgan. Muqaddas Islom dinining sofligi, urush va yovuzlikka, begunohlarning qoni to‘kilishiga qarshiligi tasvirlangan.

Eslatib o‘tamiz, Habib Nurmuhamedov joriy yilning oktyabr oyida Turkiyaning Istanbul shahrida dunyodagi eng katta aeroport ochilish marosimida ham qatnashib, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning mehmoni bo‘lgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Habib Nurmuhamedov “Erto‘g‘rul” seriali tasvirga olish maydonchasiga tashrif buyurdi (foto)