Cristiano Ronaldo va Thierry Henry Britaniya futboli haqidagi serialda rol oʻynaydi

Futbol olamidagi afsonaviy nomlar — Cristiano Ronaldo va Thierry Henry ilk bor yirik televizion drama loyihasida birga ishtirok etishadi. The Sun nashri tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, Al-Nassr va Portugaliya terma jamoasi yulduzi Britaniya futbolining yashirin tomonlari va murakkab jarayonlariga bagʻishlangan «Day 1s» deb nomlangan yangi serial ustida ish boshladi. Mazkur loyiha futbol olamida katta qiziqish uygʻotmoqda, chunki ilk bor bunday darajadagi sport afsonalari drama janridagi filmda bosh rolni ijro etish va uni prodyuserlik qilish bilan birga kino olamini zabt etishmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Hozirgi kunda Saudiya Arabistonida toʻp surayotgan 41 yoshli Cristiano Ronaldo ushbu serialda nafaqat ijrochi prodyuser sifatida faoliyat yuritadi, balki ekranda ham koʻrinish beradi. Yangi tashabbus haqida fikr bildirar ekan, futbolchi bu uning hayotida yangi va qiziqarli bosqich ekanligini alohida taʼkidladi. Loyiha «Kingsman» filmlari orqali tanilgan mashhur rejissyor Matthew Vaughn bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Ular portgaliyalik hujumchi bilan birgalikda UR•Marv Studios kompaniyasiga rahbarlik qilishadi va koʻngilochar sanoatdagi mavjud qoliplarni oʻzgartirishni maqsad qilishgan.
Britaniya futbolining real qiyofasi
Yangi serial sport mavzusidagi soʻnggi yillarda suratga olingan «Ted Lasso» kabi yengil-elpi va yumorga boy shoulardan tubdan farq qiladi. Ijodkorlarning asosiy maqsadi — Britaniya futbolining sahna ortidagi haqiqiy hayotini, uning murakkab va oʻta raqobatli muhitini real tarzda koʻrsatib berishdan iborat. Tasvirga olish ishlari allaqachon Barnet FC klubining stadionida boshlab yuborilgan boʻlib, jarayon jadal surʼatlarda davom etmoqda.Serial syujeti futbol agentlarining yuqori darajadagi murakkab dunyosiga asoslanadi. Xususan, voqealar markazida Stanley Dalton ismli qudratli futbol agenti boʻlib, uni «Homeland» hamda «Billions» seriallari orqali tomoshabinlarga yaxshi tanish boʻlgan taniqli aktyor Damian Lewis gavtirantiradi. Mazkur qiziqarli syujet konsepsiyasi Thierry Henryning real hayotdagi agenti Darren Dein tomonidan ishlab chiqilgan.
Afsonalarning kutilmagan uchrashuvi
Futbol muxlislari uchun eng hayajonli jihatlardan biri — Cristiano Ronaldo va Thierry Henryning bir ekranda jamlanishidir. Angliya Premyer-ligasida toʻp surgan davrlarida oʻzaro qattiq raqobat olib borgan bu ikki afsona muxlislar tomonidan hamisha Premyer-liganing eng buyuk futbolchisi unvoni uchun taqqoslab kelingan. Endilikda ularning bitta loyihada ishtirok etishi sport ishqibozlari uchun haqiqiy kutilmagan sovgʻa boʻldi.Televizion insayderlarning taʼkidlashicha, mazkur nufuzli loyiha tez orada yetakchi striming platformalari oʻrtasida jiddiy kurash va tenderlarga sabab boʻlishi kutilmoqda. Loyiha ortida turgan shaxslarning nufuzi va aktyorlar tarkibining yuqori darajada ekanligi uning qisqa fursatda ommalashishini taʼminlaydi. Garchi bu Cristiano Ronaldo uchun kutilmagan qadam boʻlsa-da, uning aktyorlik va prodyuserlik mahorati muxlislar tomonidan iliq kutib olinishi aniq.






























Izohlar 0
…