date
views 6 335

Shaharda bo‘sh joy qolmadi: Singapur yer ostiga joylashmoqda

Shaharda bo‘sh joy qolmadi: Singapur yer ostiga joylashmoqda
Foto: TravelAsk
Shaharda joy yetishmasligi muammosi aholisi tez sur’atlarda o‘sayotan mamlakatlar uchun ayniqsa dolzarb. Biroq odatiy megapolislar bu jarayonda hajm jihatdan kengaygani bois kechagi provinsiyalar hududini ham qamrab olsa, Singapur kabi hududi qat’iy cheklangan shahar-davlatda bunday imkoniyatga ega emas.

Sun’iy orollarni qurish ayrim qiyinchiliklarni bartaraf etishga yordam beradi. Biroq u shahardagi asosiy muammo – bo‘sh joyning yetishmasligini hal etmaydi. Bu kabi murakkab jarayonlarda aholi turar-joylarining asta-sekin yer ostiga «sho‘ng‘ishidan» o‘zga chorasi qolmaydi.

Travelask.ru Singapurdagi ana shunday holat haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etdi.

Megapolislarda yer ostiga nafaqat metro yo‘llari, balki turli maqsadlar uchun mo‘ljallangan ko‘plab inshootlarni joylashtirish tajribasi butun dunyo bo‘ylab keng tarqalgan. Mintaqaning geologik sharoitlari mos kelgan hududlarda yer ostidan ham foydalanilmoqda. Ilg‘or arxitektorlar esa yer ostidagi navbatdagi loyihani amalga oshirish huquqini qo‘lga kiritishga intilishmoqda.

Bu nafaqat qiziq, balki obro‘li hamdir. Axir bunday ob’ektlar kelajakda shaharning jozibasiga aylanadi. Asosan shahar maydonlari va bog‘lari ostida turli savdo hamda ko‘ngilochar markazlar, avtomagistrallar, avtoulovlar to‘xtash joylari, kam hollarda esa ofis binolari yashiringan.

Masalan, Xelsinkida yer ostida nafaqat savdo markazlari, balki sport maydonchalari ham joylashgan bo‘lsa, Seul ostida bir vaqtning o‘zida bir necha madaniy-ko‘ngilochar va savdo markazlari barpo etilgan.

Foto: TravelAsk

Foto: TravelAsk
Singapur esa bugungi kunda jami maydoni 724 kv. km teng bo‘lgan orollargagina ega. Shahar-davlatning aholisi 5,8 million kishidan ortib bo‘lgan va bu ko‘rsatkich o‘sishda davom etmoqda. Qo‘shni mamlakatlardagiga qaraganda iqtisodiyotning tezkor sur’ati va hayotning yuqori darjasi Janubi-sharqiy Osiyo davlatlaridan ko‘plab migrantlarni ushbu mamlakatga jalb etadi.

Aynan shu sababli, shuningdek, aholining tabiiy barqaror ijobiy o‘sishi tufayli 2030 yilga kelib, aholi soni 7 millionga yetadi. Shuning uchun bu yerda yangi turar-joy mavzelari, avtomobil to‘xtash joylari va ijtimoiy ob’ektlarni joylashtirish tobora dolzarb tus olmoqda.

Foto: TravelAsk
Singapurda shahar chekkasi, provinsiya kabi tushunchalar mavjud emas. Bu yerda hamma strategik muhim sanalgan, jumladan, harbiy maqsadlarga mo‘ljallangan binolar ham shaharda joylashgan. Turar-joy mavzelari va ofis markazlari uchun joyni bo‘shatish maqsadida avtomagistrallar, yonilg‘ining strategik zaxiralari, harbiy omborxona va boshqa qo‘shimcha xonalar yer ostiga joylashtirilgan.

Foto: TravelAsk
Qiziqarli jihati, Singapurda dunyodagi eng yirik havo harorati, namligini bir xilda saqlash tizimi joylashgan. U talabalar shaharchasi binolaridagi qulay mikroiqlimni ta’minlaydi. Sezib turganingizdek, u ham yer ostiga joylashtirilgan.

Yuqorida sanab o‘tilganlardan tashqari, Singapurda yer ostida markaziy avtomagistral va bir necha savdo-ko‘ngilochar markazlari ham bor. Shaharni rejalashtirish mutaxassislari kelajakda ob’ektlarni yer ostiga joylashtirish tendensiyasi saqlanadi deb hisoblashmoqda. Axir rivojlanayotgan shaharda bundan o‘zga yechim mavjud emas.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shaharda bo‘sh joy qolmadi: Singapur yer ostiga joylashmoqda