19:23 / 30.01.2020
3 413

Xitoy hukumati karantin davri yakunlanmaguncha O‘zbekiston fuqarolarini olib chiqib ketmaslikni so‘radi

Xitoy hukumati karantin davri yakunlanmaguncha O‘zbekiston fuqarolarini olib chiqib ketmaslikni so‘radi
27 yanvar kuni O‘zbekiston elchisi Baxtiyor Saidov Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yevropa va Markaziy Osiyo departamenti direktori Sun Linszyan bilan uchrashuv o‘tkazdi.

«Suhbatda chet el fuqarolarining Uxan shahridan (Xubey provinsiyasi) evakuatsiya qilish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Xitoylik diplomat mamlakat hukumatining koronavirus tarqalishini chegaralash hamda infeksiyani profilaktika qilish va davolash borasida ko‘rayotgan har tomonlama choralari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Xitoy tomoni hozirda mamlakat hukumati chet el fuqarolarini Uxan shahridan evakuatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqmayotganini yana bir bor tasdiqladi va epidemiyaning ehtimoliy tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida karantin rejimining butun davri yakunlanmaguncha O‘zbekiston fuqarolarini olib chiqib ketmaslikni so‘radi», deyiladi Tashqi ishlar vazirligining Xitoyda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari yana bir bor murojaatida.

Hozirda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus boshchiligidagi ishchi guruh Xitoyda bo‘lib turibdi. U ham chet el fuqarolarini evakuatsiya qilishning maqsadga muvofiq emasligini ma’lum qilgan, xalqaro jamoatchilikni xotirjamlikni saqlash va yolg‘on xabarlarga ahamiyat bermaslikka chaqirgan.

O‘zbekiston TIV yanvar oyida Uxan shahridan vatanga qaytib kelgan o‘zbekistonlik talabalardan zudlik bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga +998909882330 (direktor o‘rinbosari B. Qurbonov), +998972755074 (bosh mutaxassis F. Qurbonbekov) telefon raqamlari orqali bog‘lanishni so‘ragan.

Xitoy hududidagi O‘zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda istalgan vaqtda O‘zbekistonning Pekin shahridagi elchixonasiga +86 135 1102-4242 (Bobur Yaxyayev), +86 139 1175-4476 (Shuhrat Umirov) telefon raqamlari orqali hamda Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasiga +86 131 2255-5772 (Aziz Ulug‘bekov) telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyning epidemik xavf mavjud bo‘lgan hududida 72 nafar o‘zbekistonlik talaba borligi aniqlangan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda tarqalayotgan koronavirusni yuqtirish oqibatida vafot etganlar soni 170 nafardan oshgan. Dunyo bo‘yicha kasallanganlar soni esa 8 mingga yaqinlashmoqda. Bugungi kunda ushbu virusga chalinish holati 16ta davlatda qayd etilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy hukumati karantin davri yakunlanmaguncha O‘zbekiston fuqarolarini olib chiqib ketmaslikni so‘radi