12:00 / 21 февраля 2020
3 827

Xitoydagi qamoqxonada koronavirusni ommaviy yuqtirishdi

Xitoydagi qamoqxonada koronavirusni ommaviy yuqtirishdi
Foto: «Regnum.ru»
Xitoy sharqidagi Shandun provinsiyasida joylashgan «Jenchen» turmasida yangi tipdagi koronavirusni ommaviy yuqtirish qayd etildi. 20 fevral holatiga ko‘ra axloq tuzatish muassasida 200 nafar mahbus va 7 nafar xavfsizlik xizmati xodimi kasallikni yuqtirgan, deyiladi provinsiya hukumati bayonotida. Bu haqda «RIA Novosti»ga asoslanib "Xabar" nashri ma’lum qildi.

«Shandun provinsiyasi Szinin shahar okrugidagi «Jenchen» turmasida birdan koronavirus infeksiyasi tarqalib ketdi. 20 fevral holatiga ko‘ra axloq tuzatish muassasi hududida nuklein kislotaga tekshiruv nihoyasiga yetdi. Uning natijasiga ko‘ra, 207 ta kasallikni yuqtirish holati aniqlandi», — deyiladi hukumat bayonotida.

Tekshiruvdan 2077 nafar kishi o‘tgan bo‘lib, 200 nafar mahbus va 7 nafar posbonda virus aniqlangan. Ta’kidlanishicha, kasallikni yuqtirganlarning bari izolyatsiyaga olinib, muolaja olishmoqda.

Provinsiya hukumatining xabariga ko‘ra, fevralning boshlarida ayrim posbonlarda yo‘tal alomati paydo bo‘lgan, 12 fevral kuni esa turmaning xavfsizlik xizmati xodimlaridan biri kuchli yo‘tal tufayli karantinga joylangan, 13 fevralda undagi tashxis tasdiqlandi.

Shundan so‘ng turma rahbariyati va provinsiya hukumati «Jenchen» turmasida kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rdi. Biroq kech bo‘lgandi. Hodisa tufayli provinsiya adliya boshqarmasi boshlig‘i Sze Veyszyun lavozimidan bo‘shatildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)