date
views 2 946

“Biz O‘zbekistonga befarq emasmiz”. AQSH va Kanadadagi o‘zbeklarning tashabbusi haqida

“Biz O‘zbekistonga befarq emasmiz”. AQSH va Kanadadagi o‘zbeklarning tashabbusi haqida
Hozirga qadar qariyb 150 kishidan 21 000 dollar miqdorida mablag‘ yig‘ildi. Biroq bu hali davom etadi. Yig‘ilgan mablag‘lar “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga o‘tkazib beriladi.

Koronavirus pandemiyasi butun dunyo xalqlari, millatlarni yana jipslashtirgani sir emas. AQSH va Kanadadagi bir guruh vatandoshlarimiz O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash ishlariga ko‘mak berish maqsadida O‘zbekiston “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga o‘tkazish uchun mablag‘ yig‘ishayotgan ekan. To‘g‘risi, buni eshitgan har qanday inson o‘sha minglab kilometr olisdagi yaqinlarimizning mehrini, e’tiborini his qiladi. Aslida, gap moddiy yordamda ham emas, ularning vatandoshlik, birodarlik, yurtiga muhabbat singari insoniy munosabatlarni saqlab qolishga urinayotganida.

Asli o‘zbekistonlik, Kanadada koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokor Obidxon Mamadaliyev bu tashabbus haqida quyidagilarni gapirib berdi.

– Afsuski, bu virus O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi. Avvalo, shifokor sifatida shuni aytishim kerakki, mamlakatimizda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘ri yo‘nalishda boshlandi va davom etyapti. Dunyo olimlari qayd etganidek, qat’iy karantin choralarigina virus tarqalishining oldini olishi mumkin. Hozirda virus jahonning 205 mamlakatida mavjud. Insoniyat tili, dini, millatidan qat’i nazar bir frontga jamlandi. Shu qatori biz Kanadadagi o‘zbekistonliklar ham Vashingtondagi elchixonamiz tomonidan tashkil etilgan xayriya tadbiriga qo‘shildik.

Ochig‘i, men o‘tgan hafta shu haqda o‘ylab, tayyorgarlik ko‘ra boshlagan edim. Juma kuni Vashingtondagi bosh konsulimiz Faxriddin Mo‘minov “Biz O‘zbekistonga befarq emasmiz” fondi tashkil etilganligini bildirdi. Men shu zahoti barcha ma’lumotlarni olib, Kanadaning Manitoba, Alberta, Britaniya Kolumbiyasi provinsiyalarida istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklarga yetkazishni boshladim. Shu kunning o‘zida o‘zbek oilalaridan xayriya mablag‘lari kelib tusha boshladi.

Xususan, Alberta provinsiyasining Red Diir shahrida yashovchi Rasul Majidovlar oilasi, Dilsora Fozilova va bir guruh vatandoshlarimiz bu tashabbusga qo‘shildi. Oilam, tibbiyot oliygohi talabalari bo‘lgan farzandlarim ham bunga o‘z hissalarini qo‘shishdi. Hozirga qadar qariyb 150 kishidan 21 000 dollar miqdorida mablag‘ yig‘ildi. Biroq bu hali davom etadi. Yig‘ilgan mablag‘lar “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga o‘tkazib beriladi.

Albatta, ushbu fond tashabbuskorlari Vashingtondagi elchi janoblari va boshqa mutasaddilarga minnatdorlik bildirmoqchiman. Ochig‘i, bu tashabbus shu yerda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni ham yanada jipslashtirdi, yaqinlashtirdi. To‘g‘ri, homiylik mablag‘lari u qadar katta bo‘lmasligi mumkin, lekin eng muhimi, yurtdoshlarimiz ularga befarq emasligimizni, mehr va e’tiborimizni sezishsa bo‘lgani. Chunki bunday kunlarda ruhiy dalda hammasidan ustun. Biz O‘zbekistonga befarq emasmiz!

P.S. Shu o‘rinda bir jihatga e’tibor qaratmoqchimiz. Xorijdagi va hatto yurtimizdagi ayrim vatandoshlarimizda yig‘ilayotgan homiylik mablag‘lari qanday sarflanyapti, u qay darajada shaffof degan savollar tug‘ilishi tabiiy. Albatta, o‘rinli savol. Birinchidan, “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga kelib tushayotgan pullar Sog‘liqni saqlash vazirligi va tegishli tashkilotlar tomonidan doimiy nazorat qilinadi.
Qolaversa, fondning vasiylik kengashi a’zolari ham jamoatchilik nazoratini o‘rnatgan. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, xususan, Xalqaro press klub, O‘zbekiston 24 teleradiokanali, AOKA tomonidan o‘tkazilayotgan brifinglarda, Koronavirus.info rasmiy telegram kanali hamda yetakchi saytlarda kelib tushgan va xarajat qilingan mablag‘lar haqida kunlik ma’lumotlar berib borilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Biz O‘zbekistonga befarq emasmiz”. AQSH va Kanadadagi o‘zbeklarning tashabbusi haqida