date
views 3 053

Bosh vazir rafiqasi, prezidentning qizi... Ular karantin cheklovlarini pisand qilmaslikda ayblanmoqda

Bosh vazir rafiqasi, prezidentning qizi... Ular karantin cheklovlarini pisand qilmaslikda ayblanmoqda
Foto: “AFP”
Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abening rafiqasi Akie Abe jamoatchilik tanqidlari ostida qoldi. Bunga esa «birinchi xonim»ning koronavirusga qarshi kurash doirasida joriy etilgan o‘z-o‘zini ihotalash tartibiga rioya etmagani sabab bo‘ldi.

Kunchiqar o‘lka ham bir necha oydan buyon COVID-19 ofatiga qarshi kurashib kelmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, pandemiya sabab hatto mamlakatdagi maktablar yopilgan bir vaqtda hukumat rahbarining rafiqasi 50 kishilik guruh bilan Oito muzofotidagi ibodatxonaga safar qilgan. Xonimning ushbu xatti-harakati keskin qoralangan. Jamoatchilik «birinchi xonim»ni mamlakatdagi vaziyat qanchalar tahlikali ekanidan bexabarlikda ayblagan.

«Maktablar darvozasiga qulf urilgan, bolalarimiz to‘rt devor ichida o‘tirgan bir paytda Abe xonimning ko‘ngillari safar tusab qolibdi! Bu yapon xalqiga hurmatsizlikdir!» degan mazmunda e’tirozlar qoldirilgan ijtimoiy tarmoqda.

Bundan avvalroq internetda Abe xonimning chappar urib gullagan sakura daraxti yonida tushgan surati tarqalgan, o‘shanda ham karantin choralari sabab xiyobonlarga bora olmay uyda o‘tirgan aholi bu holni keskin tanqid qilgan edi.

Pirovardida, Sindzo Abening o‘zi shundoq ham yaxshi bo‘lmagan reytingi yanada pasaydi. Muxoliflari bosh vazirni koronavirusga qarshi kurashda sustkashlik qilishda ayblamoqda. Hukumat rahbari 7 aprel kuni mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi. Tanqidchilarga ko‘ra, bunday keskin choralarni avvalroq ko‘rish kerak edi.

AQSH prezidenti Donald Trampning qizi Ivanka Tramp ham koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha belgilangan choralarni pisand qilmaslikda ayblanmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, Qo‘shma Shtatlar koronavirus ofatiga qarshi kurashda jon olib jon berayotgan bir pallada Ivanka Tramp turmush o‘rtog‘i Jared Kushner (darvoqe, u ham prezidentning maslahatchisi maqomiga ega!) hamda uch farzandi bilan Pasxani nishonlash uchun Vashingtondan Nyu-Jersiga borgan. Mamlakatda COVID-19 infeksiyasidan vafot etganlar soni 37 mingdan oshdi. Dastlab koronavirus xatariga u qadar jiddiy qaramagan Donald Tramp ham endilikda aholini karantin talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda. Shunday mushkul pallada Ivanka xonimning sayohatga borgani jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan.

Foto: “Google Images”
Karantin cheklovlarini pisand qilmagan arbob xonimlar safida Buyuk Britaniya birlashgan qirolligida ancha taniqli bo‘lgan Ketrin Kaldervud ham bor.

Aprel oyi boshida jurnalistlar tomonidan Shotlandiya sog‘liqni saqlash vaziri K.Kaldervud karantin talablarini buzib, oilasi bilan shahar tashqarisidagi dala-hovlida dam olib kelgani fosh qilindi. Pandemiya davrida barchaga ibrat bo‘lish o‘rniga, mas’uliyatsizlarcha sayohatga chiqqan vazirni jamoatchilik ham, hukumat ham kechirmadi. Ushbu holat matbuotda yoritilishidan qisqa fursat o‘tib, Kaldervud xonim lavozimidan bo‘shatildi.

S.Salim
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bosh vazir rafiqasi, prezidentning qizi... Ular karantin cheklovlarini pisand qilmaslikda ayblanmoqda