
Rossiyada so‘nggi bir kunda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 9709ta yangi holat qayd etildi - mamlakatda qatorasiga ikkinchi kun kunlik o‘sish holati 10 mingdan kam bo‘lmoqda. Yangi zararlanish holatlari o‘sishi tempi pasayganidan keyin Rospotrebnadzor rahbari Anna Popova mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashganini ma’lum qildi va shu bilan birgalikda rossiyaliklar hali yana uzoq vaqt yangi sharoitlarda yashishiga to‘g‘ri kelishini qo‘shimcha qildi.
Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tezkor shtab ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi kunda qayd etilgan holatlarning 42,4 foizida (4116 kishi) kasallikning klinik belgilari kuzatilmagan. Bir kun oldin Rossiyada 9200 kishida virus aniqlangandi, bu 2 maydan buyon qayd etilgan eng minimal ko‘rsatkich bo‘ldi.
O‘tgan kun davomida 4207 kishi sog‘aygan (jami 67373 kishi). Kasallanish holatlarining qayd etilishi borasida Moskva yetakchilik qilmoqda - bir kunda 3855 holat. Poytaxtda shu vaqtgacha qayd etilgan jami holatlar - 142 824taga yetgan.
Rossiya bo‘ylab shu vaqtgacha qayd etilgan holatlar soni esa 281 752tani tashkil etmoqda. Ushbu ko‘rsatkich bilan Rossiya eng ko‘p kasallar soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turibdi - birinchi o‘rindagi AQSHda 1,5 milliondan ortiq holat qayd etilgan, 90 mingdan ortiq kishi vafot etgan.
Rossiyada o‘limlar soni 2 631taga yetgan, bu kasallik ko‘p qayd etilgan mamlakatlar o‘nligida o‘limlar soni bo‘yicha eng past ko‘rsatkichdir. So‘nggi bir kunda 94 bemor Covid-19 tufayli vafot etgan, shundan 71 o‘lim Moskvada qayd etilgan.
«Biz hammamiz kutgan barqarorlik darajasi kelmoqda. Aytgan bo‘lardimki, biz o‘sishni to‘xtatdik.
Barqarorlashuv butun mamlakat bo‘ylab kuzatilmoqda. Barcha regionlar vaziyat barqarorlashishiga erishdi, bu odamlar o‘z sog‘ligi haqida qayg‘urayotgani natijasidir», degan Popova yakshanba kuni «Rossii 1» efirida. U kundan kunga pasayish qayd etilayotganini ta’kidlagan.
Yangi sharoitlardagi hayot
Rossiyaliklar yangi hayot tarzida yashashlari haqida aytgan Popova jamoat joylarida tibbiy niqob va qo‘lqopda yurish shartligini eslatib o‘tgan.
«Ko‘chada, transportda, jamoat joylarida va ishda hamma niqobda bo‘lishi shart. Faqat yopiq hududda yolg‘iz bo‘lish bundan mustasno», - degan Rospotrebnadzor rahbari.

U barchasi normal deb hisoblanishi uchun kunlik holatlar soni qanchaga tushishi kerakligi haqidagi savolga «Nol» deb javob qaytargan.
«Yangi sharoitlar [pandemiya tufayli] yuzaga kelgan, bunday sharoitlarda hali uzoq vaqt qolamiz. Uning elementlaridan biri uchish uchun qo‘yiladigan shartlardir, hayotimizda bunday elementlar ko‘p. Biz shu ishlar ustida ishlamoqdamiz», degan muassasa rahbari.
Dog‘istonda 40dan ortiq shifokor o‘limi
Dog‘iston hukumati shu kunlarda respublikada kasallanish holatlari soni rasmiy ma’lumotlardan keltirilganidan ko‘proqligi haqida ma’lum qildi.
Dog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri Jamaludin Gajiibragimov ayni vaqtda mintaqada koronavirusga chalinish holatlari soni 13 mingdan ortiq ekani, ularning 7 mingdan ortig‘i statsionar sharoitlarda davolanayotgani haqida ma’lum qildi. Rasmiy ma’lumotlarda respublikada 3 300 bemor borligi aytilgandi.
Gajiibragimovning so‘zlariga ko‘ra, respublikada hozirga qadar 13 697 kishida koronavirus va pnevmoniya (kasalxonadan tashqarida yuqtirilgan) qayd etilgan. Shifoxonadan tashqarida yuqtirilgan pnevmoniya oqibatida butun respublika bo‘ylab 657 kishi vafot etgan, shundan 40dan ortig‘i shifokorlar bo‘lgan.
Vazirning aytishicha, respublikada kasallik holatlarini aniqlash bo‘yicha laboratoriya tadqiqotlari bilan dastlab Rospotrebnadzor bo‘linmasi shug‘ullangan. «Keyinroq Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli laboratoriyalar ham qo‘shildi. Biroq pnevmoniya bilan faqat Rospotrebnadzor bo‘linmasi shug‘ullangan», deydi Gajiibragimov Instagramdagi sahifasida.
U kasalxonadan tashqarida pnevmoniya bilan kasallanganlar ham xuddi Covid-19’ga chalinganlar kabi davolanayotgani, koronavirus va pnevmoniyaga chalinganlar orasida farq yo‘qligini ta’kidlagan.
Rossiyada KoronavirusRospotrebnadzorYangi HolatlarSog‘liqni SaqlashDog‘iston HukumatiKasallanish Holatlari O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar