09:35 / 26.11.2020
1 368

AQSHda mahbuslar aldov yo‘li bilan davlatdan bir milliard dollar yordam puli olgan

AQSHda mahbuslar aldov yo‘li bilan davlatdan bir milliard dollar yordam puli olgan
Foto: AP Photo / Sean Rayford
AQSHning Kaliforniya shtatida o‘n minglab mahbuslar aldov yo‘li bilan pandemiya vaqtida berilgan ishsizlik nafaqasini olishga muvaffaq bo‘lishdi. Mahbuslar noqonuniy yo‘l bilan olgan jami yordam puli 1 mlrd dollarni tashkil qilishi mumkin.

NBC telekanalining Sakramento okrugi prokurori Enn Meri Shubertga tayanib xabar berishicha, ushbu firibgarlik Kaliforniya tarixidagi eng yirigi hisoblanadi.

Mahbuslar amalga oshirgan firibgarlik haqiqatan ham esankiratadi”, deb izoh bergan Shubert.

Uning ta’kidlashicha, mart-avgust oylarining o‘zida shtatdagi turmalardan ishsizlik nafaqasini olishga 35 mingta ariza tushgan. Bunday arizalardan kamida 20 mingtasi qondirilgan. Prokurorning ma’lum qilishicha, pullar bevosita mahbuslarga yoki ularning yaqinlari va do‘stlariga jo‘natilgan.

Shubertning aytishicha, Kaliforniyada mahbuslar ma’lumotlarini ishsizlik nafaqasini olishga haqiqatan muhtoj bo‘lganlarning ma’lumotlari bilan solishtirish tizimi yo‘qligi sababli aynan shu shtatda bunday firibgarlikni amalga oshirishning imkoni bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, nafaqalarni olishda qalbaki ijtimoiy sug‘urta raqamlari, AQSHda o‘z asl ismi o‘rniga qo‘llanuvchi Jon Dou yoki Jon Adams ismlaridan foydalanilgan. Biroq aksariyat holatlarda mahbuslar arizalarda o‘zlarining haqiqiy ismlarini ko‘rsatishgan. “Nafaqa oluvchilar” orasida hattoki o‘lim jazosiga hukm qilingan 133 mahbus ham bo‘lgan. Ularga umumiy hisobda 420 ming dollar to‘lab berilgan.

Kern okrugi prokurori Sintiya Simmerning ma’lum qilishicha, tergovchilar davlatdan moliyaviy yordam olish uchun qo‘llangan ushbu firibgarlik sxemasini sentabrda fosh qilishgan.

Ayni vaqtda ushbu holat yuzasidan bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Biroq pullarning katta qismi mamlakatdan olib chiqib ketilgan bo‘lishi mumkin va ularni davlat g‘aznasiga qaytarish imkonsiz deb hisoblanmoqda.

Ta’kidlanishicha, AQSH va boshqa davlatlardagi firibgarlar AQSHda ishsizlarga ajratilgan mablag‘lardan jami 8 mlrd dollarga yaqinini o‘g‘irlagan bo‘lishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)