15:45 / 21.01.2021
2 692

Qozog‘istonda tirik chaqaloqni muzlatgichda qoldirgan shifokorlarga hukm o‘qildi

Qozog‘istonda tirik chaqaloqni muzlatgichda qoldirgan shifokorlarga hukm o‘qildi
Foto: «Ak Jayik»
Qozog‘istonda tirik chaqaloqni o‘ldiga chiqarib muzxonada qoldirgan shifokorlar ustidan sud hukmi chiqarildi, yozmoqda «Central.Asiamedia».
Eng dahshatlisi, keyinroq ular chaqaloqda hayot alomatlarini ko‘rib, xatoga yo‘l qo‘yishganini payqashgandan so‘ng ham bolani muz kameradan olishmagan.

Aslida 2019 yilning sentabrida yuz bergan voqea yopiqligicha qolib ketishi ham mumkin edi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar buni tasodifan bilib qolishdi — korrupsiyada gumon qilingan Atirau viloyati perinatal markazi bosh shifokori pinhona eshitilayotganida barcha tafsilotlar yuzaga chiqqan.

Ushbu hodisa xabarini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘lgan chaqaloqning ota-onasi va tergov organlariga yetkazgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, shifokorlar hujjatlarda chaqaloqni o‘lik tug‘ilgan, deb rasmiylashtirishadi. Chaqaloq tirikligi ma’lum bo‘lganidan keyin, hujjatlarni qayta rasmiylashtirib o‘tirmasdan, bolani muzlatgichli kameraga olib borib qo‘yishgan.

O‘lgan bolaning onasiga qarindosh inson ma’lum qilishicha, tergovchilar ularga bosh shifokor va akusherning suhbatini qo‘yib berishgan. Akusher bolani o‘lik tug‘ildi deb hisoblab boshqa qavatdagi muzxonaga qo‘yib kelgan. Morgdan kelgan brigada bolaning qimirlayotganini ko‘rib, olib ketishga ko‘nmagan. Bunga javoban bosh shifokor bola tug‘ilgan vaqtni o‘zgartirishga buyruq beradi. Navbatchi vrach bu ilojsiz ekanini aytgach, bolani cho‘ktirishini taklif qiladi. Navbatchi vrach bunga javoban ekspertizada suv izlari bilinib qolishi mumkinligini aytadi.

Keyin nima bo‘lgani ma’lum...

Sud hukmiga ko‘ra, bosh shifokor Kuanish Nisanbayev 18 yil, akusher-ginekolog Askar Kayirjan 16 yil, akusher-hamshira Jamila Kulbatirova 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Nisanbayev, shuningdek, o‘z xizmat vazifasini suiiste’mol qilish va pora olishga urinishda ham aybdor deb topildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)