10:25 / 15.02.2021
1 919

Myanmada norozilik namoyishlari davom etmoqda

Myanmada norozilik namoyishlari davom etmoqda
Foto: CNN
Myanmada fevral boshida yuz bergan davlat to‘ntarishidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan harbiylar shaxsiy hayot xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritib, o‘zlariga mamlakat fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari va ularni hibsga olish borasidagi yangi huquqlarni taqdim etdi. Bu haqda Bloomberg agentligi mamlakat Qurolli Kuchlari bosh qo‘mondoni apparati bayonotiga tayanib xabar berdi, deb yozadi «Kommersant’». Shuningdek, yangi hukumat OAVdan ularni «xunta» deb atamaslikni so‘radi.

Yangi qoidalar harbiylar tomonidan shakllantirilgan davlat ma’muriy kengashining butun vakolat muddati davomida amal qiladi. Yangi qoidalar ordersiz tintuv o‘tkazish va hibsga olish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, ular xat va posilkalarni ochib ko‘rish, birovlarning xabarlarini «tutib olish» va telefon kompaniyalaridan shaxsiy ma’lumotlarni olish uchun imkoniyat yaratadi. Avvalroq esa harbiy hukumat mamlakatda Facebook, Twitter va Instagram faoliyatini to‘xtatib qo‘ygan edi.

12 fevral, juma kuni, Bloomberg xabariga ko‘ra, mamlakat Axborot vazirligi milliy OAVlardan mamlakatdagi voqealarni «to‘ntarish», hukmron xuntani esa «xunta» yoki «rejim» deb atamaslikni so‘radi. Bu shu bilan izohlanadiki, terminlardan noto‘g‘ri foydalanish «fuqarolar o‘rtasida g‘alayon tug‘diruvchi fitna» sifatida baholanadi va shu tariqa, amaldagi matbuot to‘g‘risidagi qonunlarni buzish hisoblanadi.

Mintaqa OAVlari xabariga ko‘ra, 14 fevral, yakshanba kuni Myanmada o‘n minglab aholi asosiy shaharlarda mamlakatda yuz bergan harbiy to‘ntarishga norozilik bildirish maqsadida ko‘chalarga chiqqan. Muxolifat namoyishlari ketma-ket to‘qqiz kundan buyon davom etmoqda.

Mamlakatdagi eng yirik shahar — Yangonda talabalar davlat maslahatchisi Aun San Su Chjini ozod etishni talab qilib, shahar markazidan yurib o‘tdi. Shuningdek, ko‘chalarda avtobuslar kolonnasi sekin yurib o‘tib, norozilik belgisi sifatida signal chaldi. Namoyishchilar hukumatdan «kechalari odamlarni o‘g‘irlab ketishni bas qilish»ni talab qildi. Poytaxt Neypidoda esa norozilik aksiyalari chog‘ida avtomobillar va motosikllar karvoni yurib o‘tdi.

Huquq himoyachilari ma’lumotlariga ko‘ra, to‘ntarishdan keyin mamlakatda 384 dan ortiq odam qo‘lga olingan.

Avvalroq Myanma davlat ma’muriy kengashi 23 314 mahbus, shu jumladan, 55 nafar chet ellik uchun amnistiya e’lon qilgan edi. «Myanmada tinchlik, taraqqiyot va tartib bilan yangi demokratik davlat yaratilayotgan paytda mahbuslarni namunali fuqarolarga aylantirish, jamoatchilikni xursand qilish uchun…. Davlat ma’muriyati kengashi, konstitutsiyaga muvofiq har qanday huquqbuzarliklar uchun 2021 yil 31 yanvarga qadar berilgan jazolarni afv etish to‘g‘risida farmon chiqardi», — deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Myanmada hokimiyat harbiylar tomonidan egallab olindi, ular bir yil muddatga favqulodda holat joriy qildi. Mamlakat prezidenti va hukumat rahbari hamda yana ko‘plab mansabdorlar qamoqqa olindi. Bu voqea hukumat va harbiylar o‘rtasidagi azaliy ziddiyat kuchayishi oqibatida sodir bo‘ldi. Harbiylarning ta’kidlashicha, 8 noyabr kuni mamlakatda o‘tkazilgan saylovlarda qonunbuzarliklar bo‘lgan. Qurolli Kuchlar bosh qo‘mondoni Min Aung Xlayn mamlakatning muvaqqat prezidenti etib tayinlandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Myanmada norozilik namoyishlari davom etmoqda