23:23 / 17.04.2021
4 415

Rossiya Ukrainaga bostirib kiradimi?


Foto: Getty Images
O‘tgan hafta yetti yildan beri davom etib kelayotgan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keskinlik yana jiddiylasha boshladi. Ukraina bergan ma’lumotlarga ko‘ra ruslar Ukraina chegaralari yaqinida 85 ming harbiysini mobilizatsiya qilishga ulgurgan. Urush kelib chiqadimi? Bu Ukrainaga qanday ta’sir qiladi? Yevropa Ittifoqi va AQSH Ukraina nizosini hal qilish uchun Rossiyaga qarshi tura oladimi? Shu kabi savollarga The Spectator nashri javob izlaydi.

Ayni paytda to‘xtab-to‘xtab muttasil davom etib kelayotgan Ukrainadagi fuqarolar urushi ko‘plarni yostig‘ini quritdi, Ukraina ham, uning sharqiy hududlari ham fuqarolar urushidan katta aziyat chekdi. Agarda urush bugungidan-da kuchayib alangalanadigan bo‘lsa, bu Ukraina sharqidagi vaziyatni yanada murakkablashtirib qo‘yishi mumkin.

Ayni paytda rus harbiylarining Ukraina chegaralari oldida to‘planayotgani 2008 yildagi Gruziya va Rossiya urushi epizodlariga ham o‘xshab ketadi. O‘shanda rus harbiylari o‘z qo‘shinlarini Gruziya chegaralarida to‘plab, Gruziyaga kutilmaganda urush e’lon qilgandi.
Ukrainada 2014-2016 yilgi urushda Ukraina sharqidagi ko‘plab aholi punktlari vayron bo‘ldi, infratuzilma barbod bo‘ldi va o‘sha davrdan beri Sharqiy Ukraina odatiy hayot tarziga qaytmadi. 2014 yilgi inqilob natijasida inqilobchilar rus siyosatini dastaklayotgan Viktor Yanukovichni hokimiyatdan ag‘darib tashladi va Ukrainada hokimiyatni g‘arbchilik tarafdori bo‘lgan Pyotr Poroshenko egallaydi.

Yangi Ukraina hukumati Yanukovichni davlatga xiyonatda ayblab xalqaro qidiruvga beradi. O‘z navbatida, Ukraina sharqidagi Kreml taraf kuchlar rasmiy Kiyevda fashistlar hokimiyatni qo‘lga olganligini da’vo qiladi. Sharqiy Ukraina madaniy jihatdan rus tili orqali ko‘proq Rossiya bilan uzviy bog‘langanligi, Ukraina g‘arbidagilar esa yevropatsentrizm g‘oyasi doirasida Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashishga urinayotgani Ukrainadagi inqiroziy vaziyatni yuzaga keltirdi. G‘arbchi ukrainlar uchun Boltiqbo‘yi mamlakatlarining Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zoligi va Gruziyaning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda yutuqlarga erishayotgani yaxshigina misol bo‘lib xizmat qildi.

Rasmiy Kiyev o‘zining G‘arbga yaqinlashish siyosatini e’lon qilganda Ukraina sharqidagi rus taraf kuchlar Ukrainadan ajralib chiqishga qaror qiladi. Mustaqillik e’lon qilgan Dones va Lugansk xalq respublikalari Gruziyadan ajralib olgan Abxaziya va Janubiy Osetiya hamda Moldovaning Pridnestr bo‘yi respublikasidan ilhomlanishdi. Rossiya bu ayirmachi kuchlarga yordam berishga tayyor tursa-da, vujudga kelgan nozik paytda o‘ta ehtiyotkorlik bilan harakat qiladi.  G‘arb matbuoti rasmiy Kremlni Ukraina ayirmachilariga yordam berayotganlikda ayblasada, Kreml bu ayblovlarni rad qiladi. Vaholanki rus elita armiyasi qurollari allaqachon Lugansk va Donetskdagi ayirmachi guruhlarining harbiy omborlarida foydalanishga tayyor turibdi.

Ukrainadagi Yevromaydon voqealaridan so‘ng ukrain millatchilarining harbiylashgan guruhlari ham ancha faollashdi. Ularning barchasi Yevropaga intilish g‘oyasi ostida birlashgan bo‘lsa-da, ammo ularning barchasida ham ukrain xalqi mustaqilligi yetakchi emasdi. Donetsk va Lugansk ukrain, gruzin, belarus va boshqa Boltiqbo‘yi xalqlarining Moskvadan o‘ch olish maydoniga ham aylanib qolgandi, deb yozadi Associated Pressning o‘sha davrdagi muxbiri bo‘lgan Nikolas Uoller.

Donbass va Luganskdagi ayirmachilar ruslarning ko‘magiga tayangan holda Ukraina harbiylariga nisbatan o‘zlarini ancha agressiv tutmoqda. Ruslar esa o‘z harbiy qo‘shinlarini Ukraina chegarasiga siljitmoqda. Vaziyat keskinlashadigan bo‘lsa, bu holda vaziyatning quyidagicha rivojlanishini taxmin qilish mumkin. Ayirmachilarning Mariopol port shahrini qo‘lga kiritish niyatidagi harakatlari Putinga mintaqadagi obro‘yini tiklab olishga yordam beradi. Bu esa Ukraina uchun halokatli bo‘lsa, G‘arb uchun og‘ir sinov davri bo‘ladi. Agarda Bayden saylov oldi dasturida aytganiday Putinga qarshi samarali qarshi tura olsa, vaziyat keskinlashmasligi ham mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya Ukrainaga bostirib kiradimi?