20:20 / 20.05.2021
3 523

Rossiyada mehnat muhojirlarini mahbuslar bilan almashtirish taklif etildi


Foto: gomel.today
Rossiya Federal jazolarni ijro etish xizmati majburiy mehnat huquqiga ega mahbuslar uchun mehnat lagerlari yaratish g‘oyasini ilgari surmoqda. Muassasa direktori Aleksandr Kalashnikovning so‘zlariga ko‘ra, bu sovet ittifoqida mavjud bo‘lgan lagerlardan butunlay farq qiladi, deb yozmoqda Meduza.

«Bu GULAG (Lagerlar bosh boshqarmasi) bo‘lmaydi, aksincha mutlaqo yangi va munosib sharoitlar yaratiladi, lagerda mahbus ishlash bilan birga yotoqxonada yashaydi yoki agar xohlasa, oilasi bilan ijaraga uy oladi, shuningdek, ularga yaxshi maosh beriladi», — dedi Kalashnikov «TASS»ga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda ko‘plab yirik ob’ektlarda ishchi kuchi yetishmasligi muammosi muhojirlar hisobiga hal qilinmoqda. Agar migrantlar mahbuslar bilan almashtirilsa, bu nafaqat mehnat resurslari yetishmovchiligini yengishga yordam beradi, balki mahbuslarning ijtimoiylashuvini ham ta’minlaydi.

Federal xizmat rahbarining ta’kidlashicha, 2021 yil may holatiga ko‘ra, Rossiyada majburiy mehnatga jalb qilinishi mumkin bo‘lgan 188 mingga yaqin kishi jazo o‘tamoqda.

Ma’lumot uchun 1930—1950 yillarda SSSRda mahbuslar mehnatidan faol foydalanilgan. Mahbuslar o‘sha paytda barpo etilgan deyarli barcha yirik sanoat va transport inshootlarini qurishda ishtirok etgan.

Mahbuslarni yirik ob’ektlarda ishlashga jalb qilish g‘oyasi Rossiyada bir necha yildan beri turli darajalarda muhokama qilinmoqda. Xususan, 2015 yilda Rossiyada bo‘lib o‘tadigan FIFA—2018 chempionati uchun inshootlar qurilishida mahbuslar mehnatidan foydalanish rejalari taqdim qilingan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo