08:55 / 11.06.2021
2 939

Yahudiylarni fashistlarga topshirgan... yahudiylar


Gollandlar Ikkinchi Jahon urushi paytida ko‘p yahudiylarni nemislarga «sotishgan»ligi haqida yozishadi. Bu juda murakkab masala. Agar peshonangga to‘pponcha tirab turishsa, jon shirinligidan yashirinib yurgan yahudiyning joyini kim bo‘lsa ham aytardi-da, deyishadi.

Buning ustiga, gollandlar juda qonunga bo‘ysunadigan xalq. Ularga yahudiy bo‘lish jinoyat deb aytilganidan keyin borib anketani to‘ldirishgan. O‘sha paytda hamma kerak bo‘lganda yahudiylar haqida xabar berishni o‘z vazifasi deb bilar edi. Haqiqatan ham shunday bo‘lganmi? Biroq golland yahudiylarining 70 foizi qirilib ketishida boshqa jihatlar ham bo‘lgan.

Gollandiya o‘sha paytda betaraf mamlakat bo‘lgan va nemislar tomonidan bosib olinishini kutishmagan. Gollandiya armiyasi qarshilik ham ko‘rsatmagan: ularning bitta tanki va bir nechta samolyoti bor edi, xolos. Gollandiyada o‘rmonlar va botqoqliklar kamligidan yahudiylarning yashirinadigan joyi ham bo‘lmagan. 1941 yil yanvar oyida aholi to‘liq ro‘yxatga olingan. Shu sababdan ham nemislar tezda yahudiylarning ro‘yxatini tuzishgan.

Biroq yahudiylarning qirilishiga... yahudiylarning o‘zlari ham «hissa» qo‘shishgan. Natsistlarni yahudiylarning o‘zi tashkil etgan «Yahudiylar Kengashi» deb nomlangan tashkilot qo‘llab-quvvatlagan. Ushbu kengashni qadimgi tarix professori Devid Koen va siyosatchi Avraam Asher boshqargan. Ular ko‘ngilli bo‘lib nemislar bilan hamkorlik qilgan. 

Fevral oyida yahudiylarning ta’qib qilinishiga qarshi ish tashlash boshlandi. Ish tashlash yirik shaharlarni egallab oldi, ammo 3 kun ichida bostirildi. Ish tashlashning to‘qqiz ishtirokchisi o‘ldirildi, yigirma to‘rt kishi yaralandi, yuzlab odamlar qamoqqa tashlandi, 389 yahudiylar Mautxauzen kontslageriga jo‘natilgan edi.

Yahudiylar yashirinishni boshlashdi. Gollandiyaliklar orasida fashistlar rejimiga xayrixoh bo‘lganlar ko‘p bo‘lgan, ammo yahudiylarga o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib, yashirinishga yordam berganlar ham bor edi. Yahudiylarni topib berganga beriladigan 5 gulden yaxshigina pul bo‘lsa-da, ko‘pchilik gollandlar buni yahudiylarga qarshi bo‘lganidan qilishgan. Gollandiyaliklar-ku mayli, ammo yahudiylarni sotib berganlar orasida bo‘lgan o‘z millatdoshlari ham bo‘lganini tushunish qiyin.

Masalan, 1944 yil 4 avgustga qadar muzey hozir joylashgan uyning podvalida yashiringan Anna Frank oilasi bilan sodir bo‘lgan voqeani olaylik.
Uning Annaan bo‘lak butun oila hibsga olinib, lagerlarda vafot etgan. Ularni natsistlarning qo‘liga gollandiyalik yahudiy ayol Ans van Deyk topshirgan. Qurbonlar orasida o‘z akasining oilasi ham bo‘lgan 700 yahudiyning o‘limi uchun javobgar bo‘lgan bu ayol, Gollandiyada fashistlar bilan hamkorlik qilganligi uchun qatl etilgan yagona ayoldir.

Biroq Ans van Deykning hayoti haqida ko‘pincha gapirmaslikka odatlanishgan. Uning sababi: o‘z xalqini qirgan, natsistlarga xizmat qilgan yahudiy Xolokost mavzusiga to‘g‘ri kelmaydi.

Vermaxtda xizmat qilgan nemis yahudiylaridan tashqari, yahudiy gettolarini qo‘riqlagan yahudiylar ham bor edi, ular nemislar, litvaliklar va latviyaliklar bilan birgalikda o‘z millatdoshlarini yo‘q qilganlar. Bundan tashqari, ular nemislarning ko‘ziga yaxshi ko‘rinish uchun yahudiylarga boshqalardan ham ko‘proq shafqatsizlik ko‘rsatganlar.

Fashistlarga xizmat qilgan yahudiy politsiyasining bo‘linmalari juda katta bo‘lgan. Varshava gettosida yahudiy politsiyasi 2500 ga yaqin, Lodz shahrining gettosida 1200, Lvovda 500 kishi, Vilnyusda 250 nafar kishi xizmat qilgan.

Haqiqatan ham Gitler tarafida jang qilgan bunday yahudiylar bo‘lganmi? Tasavvur qiling, bunday yahudiylar juda ko‘p edi. 1941 yil 22 iyundan 1945 yil 2 sentyabrgacha bo‘lgan davrda Qizil Armiya yahudiy millatiga mansub, nemis askarlaridan 10173 kishini asirga olgan.

Eng yuqori lavozimdagi yahudiy fashisti Geringning Lyuftvaffe bosh inspektorining o‘rinbosari, feldmarshal Erxard Milx hisoblanadi. Oddiy natsistlar oldida Milxni obro‘sizlantirmaslik uchun, fashistlar rahbariyati Milxning onasi yahudiy eri bilan yashamaganligini va Erxardning haqiqiy otasi Baron fon Beer ekanligi haqida gap tarqatishgan. Gering bu haqda kulib: «Ha, biz Milxni haromiga aylantirdik, ammo aslzoda haromiga», degan ekan.

1945 yil 4 mayda Milx Boltiq dengizi sohilidagi Zixerxagen qal’asida inglizlar tomonidan ushlanib, harbiy sud tomonidan umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. 1951 yilda bu muddat 15 yilgacha qisqartirildi va 1955 yilga kelib u muddatidan oldin ozod qilingan.

Fashistlarga xizmat qilib, asirga olingan yahudiylarning bir qismi sovet lagerlarida o‘lib ketgan. Lekin Isroil Milliy Xolokost tashkiloti «Yad Vashem» ularni ham «Xolokost qurbonlari» deb hisoblaydi.

Yoqub Umar tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yahudiylarni fashistlarga topshirgan... yahudiylar