14:20 / 25.08.2021
2 460

Panjsher sulh tuzish tarafdori, ammo hujumga ham tayyor. «Tolibon»ga qarshi kuchlar joylashgan hududda nimalar bo‘lyapti?

Panjsher sulh tuzish tarafdori, ammo hujumga ham tayyor. «Tolibon»ga qarshi kuchlar joylashgan hududda nimalar bo‘lyapti?
«Tolibon» Panjsher muammosini tinch yo‘l bilan hal qilmoqchiligini bir necha marta bildirib o‘tgan. Hatto uni qamalga olganidan keyin ham harakat a’zolari muzokaralar o‘tkazishni taklif qilmoqda. Panjsherda Qarshilik frontiga rahbarlik qilayotgan Ahmad Mas’ud ham masalaning tinch yechimini topish istagini bildirgan. Agar ikkala tomon ham shuni istasa, nima uchun kelishib olmaydi?

Bu savolga javob «Tolibon»ni Panjsherga hujumni rejalashtirishga, Panjsherni esa qarshilik ko‘rsatishga undadi, deb yozadi Asia-Plus.

«Tolibon» Mas’uddan nima istayapti?
Afg‘onistonlik jurnalistlardan birining so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon»ning Mas’ud bilan muzokaralari shundan iborat bo‘lyaptiki, ular unga taslim bo‘lishni taklif qilyapti. Ya’ni, «bizning g‘alabamizni tan ol, keyin, agar istasak, senga qandaydir lavozimni beramiz».

Sulh va keng qamrovli hukumat haqida boshqa hech qanday gap yo‘q.

Manba xabar berishicha, 23 avgust kuni «Tolibon» Ahmad Mas’ud bilan muzokaralari muvaffaqiyatsizlikka uchragani va ular Panjsherga hujum qilishga qaror qilgani haqida e’lon qilgan. Ular bir nechta tumanlardan o‘z kuchlarini safarbar qilgan.

Andarobga hujum ushbu rejaning bir qismi bo‘ldi, u Panjsher bilan chegaradosh bo‘lib, Andarob to‘liq egallab olingan taqdirda, «Tolibon» qamal halqasini tepadan Panjsher bo‘ylab tortishi mumkin edi.

«Tolibon» Panjsher tomonga qarab yurish uchun Afg‘onistonning shimoliy hududlaridan o‘zining 3 mingga yaqin jangarilarini jalb qildi. Bir kun avval, 23 avgust kuni tunda qarshilik kuchlari Solang nazorat-o‘tkazish punktini egallab olib, hujum yo‘lini to‘sish uchun o‘sha yer yaqinidagi ko‘prikni portlatib yuborgan. Natijada, xabarlarga ko‘ra, «Tolibon» Panjsherga o‘ta olmagan.

«Tolibon» kuchlari Panjsher atrofida to‘plangan va ba’zi tumanlarda qarshilik kuchlari bilan to‘qnashmoqda.

Hozircha, ishonchli manbalarga ko‘ra, «Tolibon» Panjsherning o‘ziga yetib bormagan va u yerda jangovar harakatlar olib borilmayapti.

Asia-Plus’ning Afg‘onistondagi manbasi ma’lum qilishicha, Panjsher ichkarisida tayyorgarlik ishlari olib borilgan va barcha tog‘ cho‘qqilariga, yo‘llarga, Panjsher yaqinidagi Gulbahor tumanida qoyalarga tanklar va boshqa jangovar texnika joylashtirilgan bo‘lib, ular «Tolibon» hujum qilgan taqdirda, ularni yanchib tashlashga tayyor.

Ahmad Vali Mas’ud idorasi vakili aytishicha, «Tolibon» Panjsherga hujum qilmoqchi bo‘lgan, ammo Andarobdagi jang ularni bu rejani keyinga qoldirishga majbur qilgan.

«Tolibon» Panjsherga muvaffaqiyatsiz hujumdan keyin yana muzokaralarni boshladi. Ular doktor Abdulla Abdulladan panjsherliklar bilan muzokaralar olib borishni so‘ragan.

Shuningdek, 23 avgust kuni Ahmad Mas’ud «Tolibon»ning Kobuldagi joriy yetakchilaridan biri Abdurahmon Mottakiy bilan telefon orqali suhbatlashgan.

Suhbat chog‘ida Mottakiy Mas’udni qarshilik ko‘rsatmaslikka va «Tolibon» hukumatiga qo‘shilishga chaqirgan. Ularning qarshiligi mantiqsiz ekani, chunki «Tolibon»ni yirik mamlakatlar qo‘llab-quvvatlayotganini aytgan.

Ahmad Mas’ud: «Biz ozod va gullab-yashnayotgan Afg‘onistonni ko‘rishni xohlaganimiz uchun bosh ko‘tardik, bunga esa muzokaralar va hamjihatlik orqali erishiladi, lekin agar gap kuch va urush haqida borsa, bizni bilasiz. Men otamning o‘g‘liman va barcha kuchimni vatanni himoya qilishga yo‘naltiraman», — degan.

Haligacha muzokaralar hech qanday natija bermagani haqida Ahmad Vali Mas’udning o‘zi 24 avgust kuni kechqurun Afghanistan International kanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Panjsher ozodlik ramzi bo‘lgan va hozir ham shunday»
Asia-Plus’ning Panjsherdagi manbasi ma’lum qilishicha, u yerda odamlar yaxshi kayfiyatda yuribdi.

«Turli joylarda, ayniqsa, qarshilik kuchlari shakllangan Parvon va Kopiso viloyatlarida odamlar tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bundan tashqari, so‘nggi bir necha kundan buyon ‘Tolibon’ a’zolari bir-biri bilan dushmanlik kayfiyatida, pushtun va pushtun bo‘lmagan ‘Tolibon’lar o‘rtasida ziddiyatlar yuzaga keldi. Kobulda va boshqa viloyatlarda ba’zi to‘qnashuvlar va keskinliklar kuzatildi, odamlar ‘Tolibon’dan norozi bo‘lib namoyish qildi va ularning o‘zlari vaziyatni tushundi», — dedi Asia-Plus manbasi.

«Tomonlardan biri urush bilan muvaffaqiyatga erishmoqchi bo‘lsa, tinchlik kelishuvini tuzmasa va u haqda gapirmasa, mamlakatni kuch bilan egallab olmoqchi bo‘lsa, unda kuch va urushga qarshi turish yagona yo‘l bo‘lib qoladi. Huquqlaringiz buzilsa, odamlar o‘ldirilsa, yeringiz va mamlakatingiz olib qo‘yilsa, uyingizni egallab olishsa va nomusingizga tajovuz qilishsa, qarshilik ko‘rsatish yagona yo‘l bo‘ladi. Aslida, qarshilik — urush emas, balki urushga qarshilik. Bu har bir kishining tabiiy huquqi», — dedi Ahmad Mas’udning amakisi Ahmad Vali Mas’ud.

U bayonot bilan chiqib, qarshilik kuchlari «Tolibon»dan odamlar iltimosini qondirib, hukumat tuzishni talab qildi. «Lekin ular mamlakatni kuch bilan egallab olganini, endi biz borib, ularga sodiqlikka qasamyod qilishimizni talab qilyapti».

«Tolibon»ning ushbu g‘oyasi Panjsherda hech kim tomonidan qabul qilinmayapti, shuning uchun tinchlik masalasi hujum, mag‘lubiyat va qarshilik bilan bir qatorda muhokama qilinmoqda. Ammo Mottakiy bilan so‘nggi suhbatida Ahmad Mas’ud shunday dedi:

«Panjsher uzoq vaqt davomida qarshilik kuchlarining tayanchi hamda mamlakat mustaqilligi va ozodligi himoyasi bo‘lib kelgan va hozir ham ushbu qadriyatlarni himoya qiladi. Afg‘oniston xalqiga zarar yetmasligi uchun Panjsher tinchlik sulhini tuzish va kelishuvga erishishni taklif qilmoqda. Ammo agar ikkinchi tomon urush qilishni xohlasa, amin bo‘lingki, Panjsher aholisi jang qilishga tayyor, chunki Panjsher ozodlik ramzi bo‘lgan va hozir ham shunday. Va xudo xohlasa, u muvaffaqiyatga erishadi».

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Panjsher sulh tuzish tarafdori, ammo hujumga ham tayyor. «Tolibon»ga qarshi kuchlar joylashgan hududda nimalar bo‘lyapti?
[/banner_pushhouse