14:15 / 01.09.2021
2 325

CNN: «Tolibon» AQSH fuqarolarini Kobul aeroportiga yashirincha yetkazib bergan

CNN: «Tolibon» AQSH fuqarolarini Kobul aeroportiga yashirincha yetkazib bergan
Foto: Reuters
AQSH harbiylari «Tolibon» bilan maxfiy shartnoma tuzgan, unga ko‘ra harakat a’zolari Afg‘onistondan ketmoqchi bo‘lgan amerikaliklar guruhiga Kobul aeroportigacha hamrohlik qilgan. Bu haqda CNN telekanali ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Pentagonning ikki amaldoriga tayanib, xabar berdi.

Ulardan birining telekanalga ma’lum qilishicha, AQSH armiyasi maxsus kuchlari aeroportda «maxfiy darvoza» tashkil qilgan, u yerda «Tolibon» evakuatsiya qilinayotgan fuqarolarni AQSH harbiylariga topshirgan.

Suhbatdoshlarning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonni tark etmoqchi bo‘lgan amerikaliklarga aeroport yaqinidagi oldindan belgilangan «yig‘ish punktlari»ga kelishi kerakligi haqida xabar berilgan, u yerda «Tolibon» amerikaliklarning hujjatlarini tekshirganidan so‘ng, ularni «maxfiy darvoza»ga olib ketgan.

Telekanal ta’kidlashicha, bunday tartib amerikaliklar mamlakatni tark etmoqchi bo‘lib, aeroport yaqinida to‘plangan afg‘onlarning hujumiga uchramasligi uchun zarur bo‘lgan.

CNN suhbatdoshlariga ko‘ra, hozircha «Tolibon» bilan tuzilgan shartnoma haqida hech qanday ma’lumot yo‘q, chunki AQSH «Tolibon»ning har qanday oshkoralikka munosabatidan, shuningdek, ISHID hujumlari tahdididan xavotirda.

Amaldorlardan biriga ko‘ra, «Tolibon» amerikaliklar guruhlarini «kuniga bir necha marta» kuzatib qo‘ygan. Uning ta’kidlashicha, asosiy yig‘iladigan joylardan biri aeroport darvozasi yaqinidagi Ichki ishlar vazirligi binosi bo‘lgan. «Bu ish berdi, juda yaxshi ish berdi», — dedi suhbatdoshlardan biri.

«Tolibon» amerikaliklarning birortasiga Afg‘onistonni tark etishni taqiqlaganmi yoki yo‘qmi noma’lumligicha qolmoqda.

«Pasporti bor amerikaliklar va AQSH grin kartasiga ega kishilarning ba’zilari aeroport yaqinidagi ‘Tolibon’ nazorat-o‘tkazish punktlaridan haydab yuborilgani va ayrim hollarda kaltaklangani haqida ko‘plab xabarlar bor», — deb yozadi CNN.

Eslatib o‘tamiz, Amerika armiyasi o‘z kontingentini Afg‘onistondan olib chiqishni yakunladi. Harbiy evakuatsiya yakunlangan bo‘lsa-da, AQSH fuqarolariga hamda AQSHga ketish huquqiga ega bo‘lgan va buni istaydigan afg‘onlarga yordam berish diplomatik missiyasi davom etmoqda.

AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda Afg‘onistonda 250 kishidan kamroq AQSH fuqarolari qolmoqda.

AQSHning Afg‘onistondagi harbiy missiyasi qariyb 19 yil-u 11 oy davom etdi. Amerika qo‘shinlari mamlakatga 2001 yil 11 sentabrda Nyu-York va Vashingtonda teraktlar uyushtirgan «Al-Qoida» bilan kurashish uchun kelgan edi.

AQSH Afg‘onistondagi qariyb 20 yillik harbiy ishtiroki mobaynida 2 mingdan ortiq odamni yo‘qotdi. Shuningdek, ushbu missiya AQSHga 1-2 trillion dollarga tushgan.

ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan «terrorchilik tashkiloti» deb topilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » CNN: «Tolibon» AQSH fuqarolarini Kobul aeroportiga yashirincha yetkazib bergan