
Internet tarmog‘ida fuqarolar va ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokidagi holat videosi tarqaldi. Bu bo‘yicha Toshkent shahar IIBB axborot xizmati ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 28 avgust kuni Yangihayot tumani IIO FMB patrul–post xizmati xodimlari safdor H.I. va F.X. Yangihayot tumani Sputnik 15 massividagi 12-son avtobus parki yaqinida tungi vaqtdagi piyoda patrullash davomida xatti-harakatlari bilan shubha uyg‘otgan ikki nafar fuqaro – 27 yoshli T.N. va 30 yoshli U.G.ni ko‘rib qoladi.
Xodimlar fuqarolarning yoniga kelib, o‘zlarini tanishtirgach, jamoat joyida niqobsiz yurish ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanishi haqida ogohlantiradi.
So‘ng fuqarolarning shaxslarini aniqlash maqsadida ular tuman IIO FMB ichki ishlar bo‘limiga taklif qilinadi. Ammo yigitlar bu iltimosga javoban qo‘pol tarzda qarshilik ko‘rsatib, xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmaydi va T.N. boshi bilan safdor H.I.ning burun qismiga zarba berib, unga badan shikasti yetkazadi.
T.N. va U.G.ning voqea joyiga yetib kelgan patrul-post xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olinish jarayoni videoga tushib qolgan. Huquqbuzarlar IIBga, jabrlanuvchi esa – tibbiyot muassasasiga yetkazildi.
Mazkur fakt bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Yangihayot tumani prokuraturasiga yo‘naltirildi. Yangihayot tumani prokuraturasi tomonidan T.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar