14:00 / 17.09.2021
2 029

Qirg‘izistonda yana bir sobiq bosh vazir hibsga olindi

Qirg‘izistonda yana bir sobiq bosh vazir hibsga olindi
Foto: Kloop
Qirg‘izistonning 19-bosh vaziri Jo‘mart Otorboyev hibsga olindi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

Otorboyev bosh vazir lavozimida Almazbek Atambayev prezidentligi davrida 2014 yil 25 martdan 2015 yil 23 apreliga qadar ishlagan. Uning hibsga olinishi Qumtor oltin konini qazish loyihasini amalga oshirishning turli bosqichlarida yo‘l qo‘yilgan korrupsiya ishini tergov qilish bilan bog‘liq. Otorboyev hukumat rahbari bo‘lgan paytda chet el kompaniyasi manfaatlariga xizmat qiluvchi ko‘rsatmalar bergan, deya ma’lum qildi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Tengrinews’ga.

«Tergov shuni ko‘rsatdiki, Jo‘mart Otorboyev bosh vazir sifatida Qirg‘iziston Respublikasi hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi davlat agentligining Qumtor koni bosh rejasining atrof-muhitga ta’sirini baholash bo‘yicha komissiyasiga bosim o‘tkazgan. Qirg‘iziston Respublikasining Suv kodeksi va «Suv ​​to‘g‘risida» qonuni talablarini buzgan holda, «Qumtor Gold Kompani» xorijiy kompaniyasi manfaatlarini ko‘zlab buyruq qabul qilish bilan Lisiy va Davidov muzliklarining yo‘q qilinishi davom etishiga rozilik bildirgan» — deyiladi xabarda.

Hozirda Otorboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining vaqtinchalik hibsxonasiga joylashtirilgan. Sobiq bosh vazir bilan tergov harakatlari davom ettiriladi, uning natijalariga ko‘ra, yaqin 48 soat ichida Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi qanday ehtiyot chorasini tanlash masalasini ko‘rib chiqadi.

«Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Qumtor ishi bo‘yicha tergov natijalari, shu jumladan, Otorboyevga tegishli ish to‘g‘risida jamoatchilikni qo‘shimcha ravishda xabardor qiladi», — deya xulosa qiladi qo‘mita.

Bundan avval Qirg‘iziston sobiq bosh vazirlari Temir Sariyev va Omurbek Babanov Qumtor ishi bo‘yicha hibsga olingandi. Shuningfdek, Qirg‘izistonning birinchi va ikkinchi prezidentlari Asqar Akayev va Qurmanbek Bakiyevlar iyul oyi boshlarida Qumtor ishi bo‘yicha xalqaro qidiruvga berilgan. Asqar Akayev 2 avgust kuni Qirg‘izistonga qaytdi. U yo‘l qo‘ygan xatolari uchun hamda «Qumtor» loyihasini amalga oshirish chog‘ida umidlarni oqlamagani uchun qirg‘iz xalqidan uzr so‘radi. Qirg‘iziston sobiq prezidenti Qumtor ishi bo‘yicha Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida so‘roq qilinganidan keyin mamlakatni yana tark etdi.

May oyi oxirida Qirg‘izistonda yana ikki nafar sobiq davlat amaldori korrupsiyada ayblanib hibsga olingan. Ulardan biri Qirg‘iziston parlamentining sobiq raisi va sobiq prezident So‘ronbay Jeenbekovning ukasi Asilbek Jeenbekovdir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘izistonda yana bir sobiq bosh vazir hibsga olindi