10:06 / 22.09.2021
2 597

Misrda oila qurmoqchi bo‘lgan 11 va 12 yoshli kelin-kuyovning ota-onasi hibsga olindi

Misrda oila qurmoqchi bo‘lgan 11 va 12 yoshli kelin-kuyovning ota-onasi hibsga olindi
Foto: Google Images
Misr xavfsizlik kuchlari oila qurishga qaror qilgan 11 va 12 yoshli bolalarning ota-onalarini hibsga oldi. Bu haqda Al Arabiya telekanaliga tayanib «TASS» xabar berdi. Qohiradan 30 kilometr uzoqlikdagi Umm-Xenan qishlog‘ida voyaga yetmagan bolalarning nikohi oshkor bo‘lgach, vaziyatga hukumat aralashgan.

Marosim haqida zargarlik do‘konining egasi yosh kelin uchun sotib olingan tilla taqinchoqlarni Facebook’da joylashtirgandan so‘ng ma’lum bo‘lgan — tillalar kuyov to‘ydan oldin bo‘lajak rafiqasiga sovg‘a qilishi shart bo‘lgan mahr edi. Tilla taqinchoqlarni bolaning ota-onasi sotib olgan. Bo‘lajak qarindoshlik munosabati bilan o‘tkazilayotgan ikki oilaning tantanali bayrami politsiyaning to‘satdan kirib kelishi bilan to‘xtatildi.

Onalik va bolalik bo‘yicha milliy kengash bosh kotibi Sahar as-Sanbatining so‘zlariga ko‘ra, bolalarni qo‘llab-quvvatlash tizimining ishonch telefoniga bir odam qo‘ng‘iroq qilib, ijtimoiy tarmoqda tez orada oila qurmoqchi bo‘lgan yosh bolalarning fotosuratlari joylashtirilgani haqida aytgan.

«Bu hodisa Misr konstitutsiyasining bolalarni himoya qilish to‘g‘risidagi 80-moddasiga ziddir va bolalar kuch ishlatish, yomon muomala yoki zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan holatlarda davlat aralashuvini nazarda tutadi», — dedi milliy kengash bosh kotibi. Ota-onalar qonuniy javobgarlikka tortiladi.

Misr qonunchiligiga ko‘ra, yoshlar 18 yoshga to‘lgandan so‘ng oila qurishi mumkin. Ilgari mamlakatning qishloq va chekka tumanlarida turmush qurish holatlari 16 yosh, ba’zan 14 va undan kichik yoshdagilar orasida kuzatilar edi. So‘nggi yillarda, Misrda tegishli tuzilmalar tuzilgandan so‘ng, ular barcha ehtimoliy ijtimoiy, axloqiy, jismoniy va tibbiy salbiy oqibatlarini inobatga olgan holda, nikoh yoshiga jiddiy e’tibor bera boshladi. Voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi nikoh qonun bilan jazolanadi.

Misrda, shuningdek, ko‘p farzandlilik ham qoralanadi. Davlat tug‘ilish darajasini tartibga solish va bolalar sonini ikki yoki uchtagacha cheklash bo‘yicha qilayotgan barcha urinishlariga qaramay, qishloqda yashovchi oilalardagi bolalar soni ko‘pincha 6—10 yoki undan ko‘pga yetadi.

Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi tug‘ilish darajasining yuqoriligi mamlakatdagi asosiy muammolardan biri ekanini aytgandi.
«Sizga o‘zingiz boqolmaydigan va ish topib berolmaydigan bola nimaga kerak? Shuning uchun ham aholining 50 foizi kulbalarda yashaydi», — degan davlat rahbari.

Shuningdek, u aholi sonining ko‘payishi milliy xavfsizlik masalasi ekanligini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, agar vaziyat o‘zgarmasa va aholining yillik o‘sish darajasi 2,4 milliondan 400 ming kishiga kamaymasa, fuqarolar uchun hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan milliy loyihalarning hech qanday ta’siri sezilmaydi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Misrda oila qurmoqchi bo‘lgan 11 va 12 yoshli kelin-kuyovning ota-onasi hibsga olindi