Isroilda to‘y kuni ushlangan falastinlik juftlik muhokamalarga sabab bo‘ldi

Isroil janubidagi Negev hududida falastinlik kelin-kuyov to‘y kuni politsiya tomonidan olib ketildi. Politsiya ularning to‘y karvoni yo‘l harakatiga xalal bergani va boshqa transport vositalari harakatini qiyinlashtirganini bildirdi. Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir politsiya harakatini qo‘llab-quvvatlab, voqea aks etgan videoni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirdi. Juftlikka nisbatan qanday huquqiy chora ko‘rilgani va keyingi taqdiri haqida ma’lumot berilmagan.
Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir falastinlik kelin-kuyovning nikoh kuni politsiya tomonidan ushlangani aks etgan videoni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirdi. Vazir politsiya xodimlarining harakatini qo‘llab-quvvatlagan. Bu haqda bir qator xalqaro OAV xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea Isroil janubidagi Negev hududida sodir bo‘lgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, kelin-kuyovning to‘y karvoni yo‘l harakatiga xalal bergan va boshqa transport vositalari harakatini qiyinlashtirgan. Shu sababli huquq-tartibot xodimlari aralashib, juftlikni olib ketgan.
Videoda kelin va kuyovning to‘y liboslarida ekani, politsiya xodimlari ularni hududdan olib chiqayotgani aks etgan. Ben-Gvir esa ushbu lavhani tarqatib, politsiyaning yo‘l harakati qoidalari buzilishiga qarshi chora ko‘rganini olqishlagan.
Voqea Isroilda to‘y karvonlari bilan bog‘liq yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlariga qarshi nazorat kuchaytirilgan bir paytda yuz bergan.
Ben-Gvirning mazkur voqeaga munosabati esa ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, kelin-kuyovning to‘y libosida politsiya tomonidan olib ketilgani aks etgan kadrlar foydalanuvchilar e’tiborini tortdi.
Ayni paytda juftlikka nisbatan qanday huquqiy chora ko‘rilgani va ularning keyingi taqdiri haqida qo‘shimcha ma’lumotlar ochiqlanmagan.






























Izohlar 0
…