15:17 / 23.10.2021
1 877

Fransiya Buyuk Britaniyaga «baliq urushi» e’lon qildi

Fransiya Buyuk Britaniyaga «baliq urushi» e’lon qildi
Foto: «TODAYOnline»
La-Mansh bo‘g‘ozida yuzaga kelgan holat tufayli Parij diplomatik munosabatlar keskinlashishiga-da tayyor. Chunki Buyuk Britaniya ko‘pchiligi uchun baliqchilik avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan kasb yoki yagona tirikchilik manbai hisoblangan fransuz dengizchilariga ov qilishlari uchun kvotalarni tasdiqlash va litsenziyalar berilishini rad etmoqda.

Fransiya hukumati spikeri Gabriyel Attal mamlakat hukumati Buyuk Britaniyaga qarshi qator sanksiyalarni tayyorlayotgani haqida bayonot berdi. Fransuzlarning arazini tushunish mumkin.

Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Brexit natijasida tuzilgan kelishuvlarga muvofiq, tomonlar bir-birlarining hududiy suvlarida baliq ovlashga to‘sqinlik qilmasligi kerak, hisobi yuritilib, ruxsat etuvchi hujjatlar taqdim etib borilsa bas.

Ma’lumot uchun: fransuzlardan tashqari belgiyaliklar va gollandlar ham baliq tutuvchi Britaniya hududiy suvlarida dengiz mahsulotlari aylanmasi yiliga 635 million yevroga teng. Britanlar birlashgan Yevropa dengizlarida tutadigan baliq va boshqa mahsulotlar qiymati yiliga 110 million yevroni tashkil etadi.

Brexitni rasmiylashtirishda eng bahsli va eng ko‘p vaqt sarflangani baliqchilik sohasi bo‘lgandi. Kechagi do‘stlari bilan xayrlashayotgan London qarama-qarshi sohillardan kelgan baliqchilarga to‘sqinlik qilmaslikka yozma va’da bergandi. Biroq 2021 yil og‘ir keldi: pandemiyaning ikkinchi to‘lqini, energiya tashuvchilar narxlari osmonga chiqib ketdi — britanlar va’dalarini buzishlariga to‘g‘ri keldi...

Parij oqilona ish tutishga har qancha chorlamasin, London sukut saqlashni afzal bildi, baliq tutishga noqonuniy chiqishga majbur bo‘layotgan fransuz baliqchilarining yolvorishlarini eshitmaslikka oldi.

«Baliqchilarimizga dengizlaringizni ochmas ekansiz — energiya ko‘prigi orqali elektr yetkazishni to‘xtatamiz», — dedi diplomatik yo‘llar bilan qo‘shni davlatni insofga keltira olmagan fransuz dengiz vaziri Annik Jirarden.

Bu bayonot qanchalik jiddiyligini tushunish uchun ayrim faktlarga e’tibor qaratamiz. Ayni paytda La-Manshning ikki sohilini quvvati 2 ming va 1 ming megavattli IFA-1 va IFA-2 energiya ko‘priklari tutashtirib turibdi. Bularning birinchisi 1986 yilda, ikkinchisi esa Britaniyada elektr energiyasiga talab tinmay oshib borayotgani va o‘z ehtiyojlarini ta’minlay olmagani uchun 2020 yilda qurilgan. Energoko‘priklar boshqaruvi Fransiya—Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi — «Interconnexion France-Angleterre» (IFA) izmida. Ko‘priklardagi energiya ta’minotida Fransiya yetakchi o‘rin tutadi — 80 foiz. Bu shuni anglatadiki, fransuzlar tokni uzib qo‘ygan taqdirda Britaniyadagi har o‘n birinchi lampochka, yo‘l chirog‘i yoki do‘kon tepasidagi chiroq o‘chib qoladi.

Fransiya so‘nggi daqiqalargacha ustunlik mavqeini suiiste’mol qilmagan holda shartnoma majburiyatlariga amal qilib keldi. Biroq, aftidan, uddaburon britan diplomatiyasi Parijni alal-oqibat «buloqqa olib borib, suv ichirmay kelgan» ko‘rinadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Fransiya Buyuk Britaniyaga «baliq urushi» e’lon qildi