12:28 / 02.12.2021
2 248

Turk lirasining kursi bir oy ichida 40 foizga, bir yilda deyarli ikki baravarga tushdi

Turk lirasining kursi bir oy ichida 40 foizga, bir yilda deyarli ikki baravarga tushdi
30 noyabr kungi birja savdolarida Turkiya lirasining dollarga nisbatan kursi rekord darajada pasayib, 1 dollar uchun 13,7 lirani tashkil etdi. Umuman olganda, noyabr oyida turk valyutasi o‘z qiymatining qariyb 40 foizini yo‘qotdi, yil boshidan beri esa deyarli ikki baravar qadrsizlandi, deb yozmoqda Meduza.

Sentabr boshida ham bir dollar sakkiz liradan sal ko‘proqqa teng bo‘lgan. Valyuta kursining pasayishiga Turkiya Markaziy banki foiz stavkasini uch marta pasaytirgani sabab deb aytilmoqda — buning natijasida kurs 19 foizdan 15 foizga tushib ketgan. Turkiyada stavkalarni pasaytirishning asosiy tarafdori — mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on. Markaziy bank rasmiy ravishda mustaqil muassasa bo‘lsa-da, Erdo‘g‘on unga kuchli ta’sir o‘tkaza oladi.

So‘nggi ikki yil ichida Turkiya prezidenti Markaziy bankning uch nafar rahbarini ishdan bo‘shatdi. Oxirgi marta bank rahbari mart oyida almashtirilgan, prezident o‘sha paytda stavkani 17 foizdan 19 foizga oshirgan Markaziy bank rahbari Naji Agbalni lavozimidan ozod qilgandi. Agbal ishdan olinishi bilan turk lirasi keskin qadrsizlana boshladi. Markaziy bankning yangi rahbariyati stavkani pasaytirishga kirishdi. Buning uchun Erdo‘g‘on uni alqadi, biroq investorlar prezidentning fikrini ma’qullamadi. 23 noyabr kuni Erdo‘g‘on stavkalarni pasaytirish davom etishiga ishonch bildirganidan so‘ng bir necha soat ichida turk lirasi 15 foizga tushib ketdi.

Past foiz stavkasi iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishi tufayli Erdo‘g‘on uni qo‘llab-quvvatlaydi. Turkiya prezidenti shuningdek, bu inflyatsiyani ushlab turishga yordam beryapti, deb hisoblaydi, vaholanki bu fikr unchalik ham to‘g‘ri emas. Aksincha past foiz stavkasining hissasi bilan iqtisodiyot va daromadlarning o‘sishi aholini ko‘proq mablag‘ sarflashga undaydi, biznes esa talab o‘sib borayotgan sharoitda narxlarni oshiradi.

Aynan Erdo‘g‘onning pul-kredit siyosatiga oid mantiqsiz qarashlari va Markaziy bank mustaqilligiga ishonmaslik investorlarning turk lirasidan voz kechishiga olib keldi. Bloomberg nashrining qayd etishicha, 2020 yilgi koronavirus inqirozidan keyin boshlangan global iqtisodiy o‘sish fonida dunyoning aksariyat mamlakatlari yuqori inflyatsiyaning tezlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun pul-kredit siyosatini qat’iylashtirmoqda – Turkiya hukumatining teskari harakatlari esa investorlar hafsalasini pir qildi. Ular kelajakda Turkiya Markaziy bankining xatti-harakatlari oldindan aytib bo‘lmaydigan darajada og‘ir oqibatlarga olib kelishidan va yuqori inflyatsiya tufayli (yil oxirida 20 foizga yetishi kutilmoqda) liradagi aktivlar qadrsizlanishidan xavfsiramoqda.

Foiz stavkasining tushirilishi Turkiyaning o‘zida ham keskin tanqidlarga uchramoqda. 23 noyabr kuni valyuta kursining rekord darajada pasayishi ortidan yirik shaharlarda yuzlab odamlar ko‘chalarga chiqib, prezidentning iste’fosini talab qildi. Muxolifatchi partiyalar Erdo‘g‘onni layoqatsizlikda ayblab, muddatidan oldin saylov o‘tkazishni talab qilmoqda. Prezidentning o‘zi esa liraning qadrsizlanishida «tashqi kuchlar»ni ayblagan.

Lira kursining keskin pasayishi yaqin yillar hisobida birinchi marta yuz beryotgani yo‘q. 2018- yilda sakkiz oy ichida valyuta kursi 75 foizga — bir dollar uchun 3,70 dan 6,50 liragacha tushib ketgan. Bu AQSH bilan ziddiyat fonida yuz bergan — Amerika Turkiya rasmiylariga qarshi sanksiyalar joriy etgan va turk metallariga nisbatan bojlarni oshirgan edi. Ammo u vaqtda ichki omillar ham yo‘q emasdi: o‘shanda lira kursining tushishiga inflyatsiya va Markaziy bankka ishonchsizlik ham sabab bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turk lirasining kursi bir oy ichida 40 foizga, bir yilda deyarli ikki baravarga tushdi