1 836
Nazarboyev Qozog‘istondagi tartibsizliklardan so‘ng birinchi marta xalqqa murojaat bilan chiqdi
Foto: «Elbasy.kz»
Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev mamlakatdagi norozilik namoyishlaridan keyin birinchi marta xalqqa murojaat bilan chiqdi. Uning nutqi Qozog‘iston prezidenti saytida e’lon qilingan.
Nazarboyevning ta’kidlashicha, Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan tartibsizliklardan maqsad «mamlakat yaxlitligi va davlat asoslarini buzish» bo‘lgan. U Qozog‘iston mustaqilligini «ko‘z qorachig‘idek» asrashga chaqirdi va tartibsizliklar natijasida halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
«Bo‘lib o‘tgan fojia barchamiz uchun saboq bo‘ldi. Bu buzg‘unchilik va qotilliklar ortida kim turganini aniqlash zarur. Ushbu savolga tergovdan javob olamiz», — dedi sobiq prezident.
Shuningdek, Nazarboyev mamlakatni tark etgani va Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi rahbari vakolatlaridan mahrum etilgani haqidagi mish-mishlarga izoh berdi.
«Menga kelib tushgan ko‘plab murojaatlar hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan xabarlar munosabati bilan shuni ma’lum qilamanki, men 2019 yilda prezidentlik vakolatlarini Qosim-Jo‘mart To‘qayevga topshirganman va o‘shandan beri pensionerman, hozir esa Qozog‘iston poytaxtida munosib dam olyapman, hech qayerga ketganim yo‘q.
Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev to‘liq vakolatga ega. U Xavfsizlik Kengashining raisi. Tez orada prezident «Nur Otan» partiyasining raisi etib saylanadi. Shuning uchun elita orasida hech qanday ziddiyat yoki qarama-qarshilik yo‘q. Bu boradagi mish-mishlar mutlaqo asossiz.
30 yil davomida vatanimiz uchun tinim bilmay mehnat qilganim hammaga ayon. Yurt chegaralarini mustahkamladik, izchil islohotlarni amalga oshirdik. Birgalikda mustaqil Qozog‘istonni barpo etdik, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda yuksak natijalarga erishdik, nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stiligida ham ko‘p jihatdan yetakchi bo‘ldik. Mamlakatdagi barqarorlik va osoyishtalik mening doimiy maqsadim bo‘lgan», — dedi Nazarboyev o‘z nutqida.
U amaldagi prezident To‘qayev xalq farovonligini yuksaltirishga qaratilgan yangi islohotlar dasturini ilgari surayotgani, ushbu dasturni qo‘llab-quvvatlash zarurligini qayd etdi.
Nazarboyev o‘zi davlat rahbari bo‘lgan paytda olib borgan islohot va modernizatsiya ishlarini qo‘llab-quvvatlagani uchun Qozog‘iston xalqiga tashakkur aytib nutqini yakunladi.
Nursulton Nazarboyev 1990 yildan 2019 yilgacha Qozog‘iston SSRni, keyin esa mustaqil Qozog‘istonni boshqargan. Prezidentlikdan ketgach, u Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi rahbari vakolatlarini saqlab qolgandi. 2022 yilning yanvarida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari davomida Nazarboyev xalqqa ko‘rinish bermadi, hech qanday bayonot ham yo‘llamadi. 5 yanvar kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi raisligidan chetlatganini ma’lum qildi.
Sobiq prezident va uning oila a’zolari mamlakatni tark etgani, hatto Nazarboyev vafot etgani haqida haqida mish-mishlar tarqaldi. So‘ng Nazarboyevning vakili birinchi prezident Qozog‘istonda ekani, u Xavfsizlik kengashi rahbarligini o‘z ixtiyori bilan topshirgani haqida bayonot bilan chiqdi.
The Guardian nashri Nazarboyev Nur-Sultonda To‘qayev bilan aktivlar, daromadlar va tabiiy resurslardan tushgan mablag‘larni qayta taqsimlash bo‘yicha «ayovsiz muzokaralar» olib borayotgani haqida xabar berdi.
Namoyishlardan keyin Nazarboyev oilasi vakillari Qozog‘istonning katta kompaniyalari, davlat organlari va tashkilotlaridagi lavozimlaridan mahrum bo‘la boshladi. Jumladan, Qozog‘iston birinchi prezidentining ikki kuyovi neft-gaz sohasiga oid yirik kompaniyalardagi lavozimini tark etgan. Elboshining kenja qizi Aliyaning turmush o‘rtog‘i Dimash Do‘sanov «KazTransOyl» bosh direktori lavozimidan, to‘ng‘ich qizi Darig‘aning «eri» G‘ayrat Sharipbayev esa «QazaqGaz Milliy kompaniyasi» AJ boshqaruvi raisi lavozimidan iste’foga chiqqan. Keyinchalik uchinchi kuyov – Timur Kulibayev «Atameken» milliy tadbirkorlar palatasi rahbari lavozimidan iste’fo berdi. Qozog‘iston prezidenti Nazarboyevning jiyani, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbarining birinchi o‘rinbosari general-leytenant Samat Abishni lavozimidan ozod etish haqidagi farmonni imzolagan.
Qozog‘iston birinchi prezidentining katta qizi, deputat Darig‘a Nazarboyeva yanvar oxirida parlament quyi palatasining yalpi majlisida yanvar oxirigacha ishtirok etmasligini ma’lum qilgan. Uning matbuot kotibi siyosatchi ayolning mazkur qarorini COVID-19 bilan kasallangandan keyingi reabilitatsiya jarayoni bilan bog‘liqligi haqida izoh bergan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi