Shryoder tanqidlarga javoban Putin bilan do‘stona munosabatdan voz kechmasligini bildirgan. Foto: dpa
Germaniya jurnalistlari hamda tahlilchilari mamlakat sobiq kansleri, ayni paytda «Rosneft» direktorlar kengashi rahbari lavozimida faoliyat yuritayotgan Gerhard Shryoderning Rossiya manfaatlariga qaratilgan faoliyatidan norozi bo‘lmoqda. Ukrainaga hujum tahdidi ortidan Moskva bilan munosabatlar taranglashgan paytda prezident Vladimir Putinning Germaniyadagi do‘stiga nisbatan e’tirozlar yanada kuchaymoqda.
Sotsial-demokratlar partiyasi vakili bo‘lgan G.Shryoder 1998-2005 yillarda kansler vazifasida faoliyat yuritgan. Hukumat boshlig‘i kursisidan ketganidan buyon Rossiyaning energetika shirkatlarida mo‘may maoshli lavozimlarda faoliyat yuritib keladi.
Tahlilchilar ko‘p yillardan buyon V.Putinni ijobiy rakursda ko‘rsatishga urinib kelayotgan sobiq hukumat boshlig‘i Moskva bilan munosabatlarda partiyadoshi – amaldagi kansler Olaf Sholsga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavotir izhor etayotir.
Germaniyaning ARD telekanali o‘z davrida mamlakat uchun katta xizmatlar qilgan sobiq kansler nafaqaga chiqqach, obro‘-e’tiboridan ayrildi deb hisoblaydi. Shryoder o‘z davrida NATOni Rossiyaga tahdid solishda ayblagandi. Sobiq kansler taniqli muxolifatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishiga Putinning aloqasi yo‘qligi haqida ham bayonot bergan.
«Sobiq kanslerlar ham o‘z fikrini bildirish, hatto ahmoqona gap aytish huquqiga ega. Lekin ayni choqda ular amaldagi kansler hamda o‘z mamlakatiga ongli ravishda zarar yetkazishdan ehtiyot bo‘lmog‘i lozim. Shryoderni bunday tartib-taomillar zarracha qiziqtirmaydi», – deb yozadi ARD telekanali.
Shryoderni «Vladimir Putinning Germaniyadagi eng yaqin do‘sti» deya sifatlagan Süddeutsche Zeitung gazetasi ham u kremlparastligi bilan amaldagi hukumatni o‘ng‘aysiz holatga solayotganini ta’kidlaydi.
Der Spiegel jurnali esa G.Shryoderni «dahmaza» deb ataydi.
«Rossiya va Ukraina ziddiyatida sobiq kansler Germaniya tashqi siyosati va o‘zining partiyasi uchun dahmaza bo‘lmoqda. U mamlakat emas, balki shaxsiy manfaatlarini ko‘zlamoqda», – deb yozadi Der Spiegel.
Die Zeit nashri tekshiruvlariga ko‘ra, Shryoder hamda bir guruh rossiyaparast sotsial-demokrat siyosatchilar Kreml tabiiy gaz vositasida Germaniyani shantaj qilishiga imkon berib qo‘ygan. Bu o‘rinda gap Germaniya hamda yaqin ittifoqchilar o‘rtasida «qora mushuk» o‘tishiga sabab bo‘lgan, Rossiya bilan hamkorlikda barpo etilayotgan «Shimoliy oqim-2» gaz loyihasi haqida ketmoqda.
AQSH va ayrim Yevropa mamlakatlari ushbu loyiha Rossiyaga energetik qaramlikni kuchaytiradi deb hisoblaydi. Shuningdek, NATO a’zosi bo‘lgan Sharqiy Yevropa mamlakatlari energetik jabhada zaiflashadi degan xavotir mavjud. Qolaversa, yangi loyiha Ukrainaning gaz yetkazishdagi vositachilik rolini ham yo‘qqa chiqaradi. Qayd etilishicha, «Shimoliy oqim» loyihasi boshida aynan Shryoder hamda sotsial-demokrat arboblar turgan.
Ommaviy axborot vositalari hamda muxolifat amaldagi sotsial-demokratlar hukumatini G.Shryoderning Rossiya manfaatiga xizmat qiluvchi tashabbus va takliflaridan yiroq bo‘lishga undamoqda.
2014 yilda G.Shryoder Sankt-Peterburgda 70 yillik yubileyini nishonlagan va tantanada shaxsan V.Putin qatnashgan edi. Rossiya–Ukraina ziddiyati avjiga chiqqan kunlar sobiq kanslerning G‘arb raqib o‘laroq ko‘radigan davlatda bayram qilishi Germaniya jamoatchiligining keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.
2018 yili V.Putinning navbatdagi inauguratsiya lavozimida G.Shryoder ishtirok etgan va Rossiya prezidentining xos a’yonlari qatorida – patriarx Kirill va Dmitriy Medvedev bilan yonma-yon turgan edi. O‘shanda ham olmon matbuot o‘zini xorijiy davlat rahbarining mulozimi kabi tutayotgan sobiq kanslerni keskin tanqid qilgan edi.
77 yoshli olmon siyosatchisining o‘zi Putinga yaqinligi sabab yangrayotgan tanqidlarga javoban Rossiya yetakchisi bilan do‘stona munosabatdan voz kechmasligini bildirgan.
S.Salim
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Srechko Katanes: "Qanday qilib so‘nggi daqiqada oddiy gol o‘tkazdik, buni bilmayman"