date
views 1 634

Janubiy Koreyadagi prezidentlik saylovlarida muxolifatchi Yun Sok Yol gʻalaba qozondi

Janubiy Koreyadagi prezidentlik saylovlarida muxolifatchi Yun Sok Yol gʻalaba qozondi
Foto: Reuters
«Fuqarolik kuchi» muxolifat konservativ partiyasi nomzodi Yun Sok Yol milliy saylov komissiyasi ovozlarni 100 foizlik natijalarini hisob-kitob qilganidan keyin prezidentlik saylovlarida gʻalaba qozondi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar qilgan.

Janubiy Koreyada prezidentlik saylovlari 9 mart kuni boʻlib oʻtdi, unda roʻyxatga olingan saylovchilarning 77,1 foizi ishtirok etgan, ya'ni 44 million saylovchilarning 34 millioni qatnashgan.

Prezidentlik uchun asosiy nomzodlar mamlakatdagi hukmron Birlashgan demokratik partiya vakili Li Chje Myon va uning asosiy raqibi «Fuqarolik kuchi» muxolifat konservativ partiyasi nomzodi Yun Sok Yol edi. Uchinchi ommalashgan nomzod markaziy «Xalq partiyasi» vakili An Chxol Su saylovlardan avval Yun Sok Yol nomzodini qoʻllab-quvvatlashini ma'lum qilgan.

Koreya milliy saylov komissiyasi hisob-kitoblardan keyin Yun Sok Yolning 48,56 foiz ovoz olgani, Li Chje Myon esa 47,83 foizlik natijani qayd etganini ma'lum qilgan.

«Saylovoldi kampaniyasi vaqtida koʻp narsalarni oʻrgandim. Masalan, mamlakat etakchisi fuqarolarning ovoziga quloq solishi zarurligi, saylovlarni fuqarolarimiz uchun oʻtkazishimiz va ular uchun kurash olib borishimizni tushundim. Endi asosiy musobaqa yakunlandi va hammamiz kuchlarni birlashtirib, xalqimiz — Koreya Respublikasi uchun yagona maqsad bilan birlikni namoyish etishimiz kerak», — degan Yun Sok Yol gʻalabadan keyin xalqqa qilgan murojaatida.

U konstitutsiya va hozirda koʻpchilik oʻrinni demokratlar egallab turgan parlament ruhini hurmat qilishi va demokratik partiya bilan kuchlarni birlashtirish xususida gapirgan.

Foto: Reuters
Siyosatchi saylovlarda magʻlub boʻlgan Li Chje Myon va 2,37 foiz ovoz olgan «Adolat partiyasi» nomzodi Sim San Chjonga hamdardlik bildirgan.

Sobiq bosh prokuror Yun Sok Yolning siyosatga kirib kelganiga uncha koʻp vaqt boʻlmagan. U 2020 yil oxiridan xalq orasida ommalashgan, oʻshanda prokuraturadagi hukumat islohotlarini tanqid qilgan va OAVda tez-tez tilga olina boshlangan. Konservativ saylovchilarga uning hozirda sobiq prezidentga aylangan, demokratlar vakili Mun Chje Myon hamda sobiq adliya vaziri Chxu Mi Ega qarshi kurashishi oʻziga jalb qilgan.

Yun Sok Yol hukumatning mas'uliyatsiz va korruptsiyalashganini qayd etgan, rahbarlarni hukumatni «oʻzlashtirish» va davlatni «oʻmarish»da ayblagan. Shundan keyin bosh prokuror bir qator axloqiy va yuridik qoidabuzarliklarda ayblandi, bir necha marta ishdan chetlatildi, yakunda sudda oʻz huquqlarini himoya qildi. 2021 yil mart oyida oʻz lavozimini tark etdi va prezidentlik saylovlarida mustaqil nomzod sifatida roʻyxatdan oʻtgan, biroq keyinchalik «Fuqarolik kuchi» partiyasiga qoʻshilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo