23:57 / 16.03.2022
3 210

Rossiyada defolt yuz bersa nima bo‘ladi?

Rossiyada defolt yuz bersa nima bo‘ladi?
Ukrainada «harbiy operatsiyalar» boshlanganidan so‘ng Rossiya Bankining chet eldagi xalqaro zaxiralarining katta qismi bloklandi.

Moliya vazirligi rahbari Anton Siluanovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya deyarli 300 mlrd dollarlik mablag‘lardan mahrum bo‘lgan – bu oltin-valyuta zaxiralarining deyarli yarmi degani.

Shundan so‘ng prezident Vladimir Putin Rossiyada yashovchi kreditorlar va sanksiyalarga qo‘shilmagan boshqa mamlakat kreditorlari qarz majburiyatlari bo‘yicha to‘lovlarni maxsus ruxsatnoma bilan rubl yoki dollarda olishlari mumkin bo‘lgan farmonni imzoladi.

Rossiyaga nisbatan sanksiyalarda qatnashuvchi mamlakatlar kreditorlari esa to‘lovlarni rublda, shu bilan birga, Rossiya banklarining maxsus hisob raqamlari orqali to‘lashlari mumkin bo‘ladi.

Rossiyaning oltin-valyuta zaxiralari muzlatilganligi sababli to‘lovlarni valyutada amalga oshirish «ma’lum qiyinchiliklar»ni yuzaga keltirishi mumkin, dedi Siluanov 14 mart kuni.

Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan Rossiya qarz majburiyatlarini bajarish tartibiga ko‘ra, vazirlik agent-banklarga to‘lovlarni obligatsiyalarni chiqarish shartlarida nazarda tutilgan muddat va valyutada to‘lash haqidagi to‘lov topshiriqnomalarini beradi.

Xalqaro reyting agentliklari bunday vaziyatda Rossiyaning tashqi majburiyatlarni to‘lash imkoniyatini salbiy baholadi. S&P, Moody’s va Fitch agentliklari mamlakat reytingini oldindan defolt darajasiga tushirdi, Fitch esa defolt yaqin ekanligini aytdi.

Mamlakatga nima uchun defolt xavfi yaqin kelmoqda?
- Ba’zi suveren obligatsiyalar bo‘yicha kupon to‘lovlari rublda amalga oshirilishi mumkin, ammo yuridik shartnomaga muvofiq 117 mln dollarlik qarz majburiyatlari dollarda to‘lanishi kerak, - deydi Rossiya iqtisodiyot mamlakati rektori Ruben Yenikolopov.

- Valyuta qarzlarini rublda yopish shartnoma shartlarini buzish va avtomatik tarzda texnik defolt deb baholanadi, deydi u.

- Agarda to‘lovlar 15 aprel sanasigacha to‘lanmasa, Rossiyaning texnik defolti haqiqiy deb topiladi. Bundan tashqari, buning oqibatida Rossiyaga kross-defolt (qimmatli qog‘ozlar egalari barcha obligatsiyalarni birdaniga va shu zahoti to‘lashni talab etishi) xavfi yaqin kelmoqda, bu jami 40 mlrd dollarni tashkil qiladi, - deydi Markaziy bank sobiq rahbari Sergey Dubinin.

Zaxiralar «muzlatilishi»gacha bu to‘lovlar Rossiya iqtisodiyotiga katta xavf tug‘dirmayotgan edi. Ayni vaziyatda esa bu – «fors major», deb qo‘shimcha qiladi u.

Shu bilan birga, chet ellik sarmoyadorlar obligatsiya daromadlarini qarz valyutasida olish imkoniyati bilan cheklanadi.

AQSH Moliya vazirligining OFAC sanksiya bo‘limi 2022 yilning 25 maygacha Markaziy bank, Rossiya Moliya vazirligi va Rossiya milliy farovonlik jamg‘armasining qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha to‘lovlarni qabul qilish uchun tranzaksiyalarni amalga oshirishga ruxsat beruvchi litsenziyani berdi.

Ammo bunday «imkoniyat»dan foydalanish mumkinmi yoki yo‘q hali noma’lum.

- Fikrimcha, bunday maqsadlar uchun «muzlatilgan» aktivlardan foydalanishga ruxsat olish mumkin edi. Bundan-da yaxshirog‘i, kelishib olish ham mumkin edi, ammo bu yerda hammasini siyosiy qaror hal qiladi, — deb hisoblaydi mutaxassis.

Oqibatlar
- Hukumat va bank sektori uchun bo‘ladigan iqtisodiy oqibatlar uzoq muddatni ko‘zda tutadi: mamlakat defoltdan so‘ng ishonchsiz qarz oluvchiga aylanib, natijada tashqi qarzlar nafaqat hukumat, balki ma’lum kompaniyalar uchun ham «o‘ta yuqori» stavkalarni tashkil qiladi, - deydi Yenikolopov.

- Kompaniyalar xorijdan hech qanday kredit olmaydi. Biroq bu jarayon hozirning o‘zidan boshlanib bo‘lgan, barcha investitsiyalar tashqaridan to‘xtagan, – deb ta’kidlaydi u.

Mutaxassisning fikriga ko‘ra, defolt sanksiyadan ko‘ra uzoqroq davom etuvchi oqibatlarni keltirib chiqaradi.

- Kross-defolt yuzaga kelsa, iqtisodiy nuqtai nazardan vaziyatning o‘zgarishi amrimahol, - deb davom ettiradi Dubinin.

Rossiya banklari bu holatda inqirozga uchramaydi – Markaziy bank ularning likvidligini saqlab qolish uchun qo‘ldan kelgan hamma narsani qiladi.

- Rubl devalvatsiyasi allaqachon yuz berdi. Bundan keyin u davom etadi yoki regulyator kursni belgilab qo‘yadi. Keyinchalik inflyatsiya kuchayishi va budjet taqchilligi o‘sishi mumkin. Ammo 1998 yildagi kabi mislsiz oqibatlar kuzatilmaydi. Eng yomoni o‘tib ketdi, — deb davom ettiradi Markaziy bank sobiq rahbari.

Defoltning o‘zi hammasi tugadi degani emas, balki bor-yo‘g‘i yuridik tushuncha bo‘lib, emitent tomonidan obligatsiyalar chiqarilishining buzilishi, deydi yirik investitsiya kompaniyalaridan birida faoliyat yurituvchi tahlilchi ismini sir tutishlarini so‘rab.

Defolt kross-defolt va kelgusi restrukturizatsiyaga olib keladi, ammo oqibatlarning qanday bo‘lishini oldindan aytish juda qiyin. Yevro obligatsiyalarni chiqarishning yarmidan ko‘pi – rossiyalik mahalliy egalar qo‘lida, deydi u.

Ayni vaziyatning 1998 yildagidan farqi shundaki, Rossiya o‘z tashqi qarzlarini muntazam ravishda to‘lagan, defolt esa ichki majburiyatlarga kirgan, ammo hozirgi vaziyat aksincha tus olishi mumkin.

Bundan tashqari, ehtimoliy defolt sun’iy cheklovlar tufayli yuzaga keladi va bu faqat sanksiyalar natijasidir, deya davom etadi tahlilchi.

- Shunday ekan, barcha iqtisodiy hodisalar bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, 1998 yilning hozirgi vaziyatdan shunisi bilan ajralib turadiki, u paytda Rossiya dunyodan ajratilmagan va 2002 yilga keliboq u o‘z iqtisodiy ahvolini tiklab olgan edi. Hozirda esa bu jarayon anchayin ko‘p vaqtni talab etishi mumkin, — deb xulosa qiladi u.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada defolt yuz bersa nima bo‘ladi?