17:12 / 04.04.2022
2 004

Bucha fojiasi. 3 aprelning asosiy voqealari

Bucha fojiasi. 3 aprelning asosiy voqealari
Bucha ko‘chalarida o‘lik holda yotgan odamning qo‘lidagi arqonni kesishmoqda. 3 aprel, 2022 yil
Foto: AFP

Rossiya harbiylari tomonidan bosib olingan Kiyev viloyatining Bucha va boshqa aholi punktlarida o‘nlab tinch aholining o‘ldirilishi Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushning eng dahshatli lahzalaridan biriga aylandi. Ko‘chalarda yotgan jasadlarning (ba’zilarining qo‘llari bog‘lab tashlangandi) suratlari 2 aprel kuni kechqurun tarqaldi.

Ertasi kuni Buchadan yangi dalillar hamda Ukrainaning bosib olingan hududlarida sodir etilgan boshqa jinoyatlar haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi; Rossiya rasmiylari esa Bucha materiallarini feyk deb ishontirishga urinmoqda. Meduza 3 aprel kuni bo‘lib o‘tgan voqealar haqida asosiy ma’lumotlarni jamladi.

Kiyev viloyatining Rossiya harbiylaridan ozod qilingan tumanlaridan 410 nafar qurbonning jasadi sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazish uchun olib ketildi, deya ma’lum qildi Ukraina bosh prokurori Irina Venediktova. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev va Chernigov viloyatlarining rus qo‘shinlaridan qaytarib olingan hududlarida tergov guruhlari ishlamoqda, ular «Rossiya bosqinchilarining barcha jinoyatlarini» aniqlash bilan shug‘ullanmoqda.

Hududlarni minalardan tozalash ishlari ham olib borilmoqda — Venediktovaning so‘zlariga ko‘ra, gap portlamay qolgan o‘q-dorilar va rossiyalik harbiylarning minalangan jasadlari haqida ketmoqda. «Bu — do‘zax, uni bizning yerimizda hosil qilgan yirtqichlarni jazolash uchun hammasi hujjatlashtirilishi kerak», — dedi bosh prokuror.

Vladimir Zelenskiy: «Endi Rossiyani shunday eslab qolishadi. Sizning madaniyatingiz va insoniy qiyofangiz ukrainalik ayol va erkaklar bilan birga halok bo‘ldi». Ukraina prezidenti navbatdagi videomurojaatida Kiyev yaqinida tinch aholining o‘ldirilishi haqida gapirar ekan, rus tilida shunday dedi:

- "Men har bir rus askarining onasi Buchada, Irpenda, Gostomelda o‘ldirilganlarning jasadlarini ko‘rishini xohlayman. Ular nima qilgandi? Nega ular o‘ldirildi? Ko‘chada velosipedda ketayotgan odam nima ayb qilgandi? Nima uchun tinch shaharda oddiy fuqarolar qiynoqqa solingan? Nima uchun ayollar quloqlaridan sirg‘alari tortib olinib, so‘ng bo‘g‘ib o‘ldirilgan? Qanday qilib ayollarni bolalarning ko‘z o‘ngida zo‘rlash va o‘ldirish mumkin? Hatto o‘lganidan keyin ham ularning jasadlari masxara qilinadimi? Nima uchun odamlarning jasadlarini tanklar bilan ezib tashlashdi? Ukrainaning Bucha shahri sizning Rossiyangizga nima qilgandi? Qanday qilib bularning barchasiga qo‘l urish mumkin?

Rus onalari, agar siz talonchilarni tarbiyalagan taqdiringizda ham, ular qanday qilib jallodga aylanishdi? Farzandlaringizning ichida nima borligini bilmasligingiz mumkin emas. Ular insoniy hamma narsadan mahrum ekanini payqamasligingiz mumkin emas. Na ruh, na yurak bor. Ular ataylab va zavq bilan odam o‘ldirgan.

Men Rossiyaning barcha rahbarlari o‘z buyruqlari qanday bajarilayotganini ko‘rishini xohlayman. Mana buyruqlar, mana ijro. Va birgalikda javobgarlik. Bu qotilliklar uchun, qiynoqlar uchun, ko‘chalarda sochilib yotgan, portlashlardan yirtilgan qo‘llar uchun. Odamlarni bog‘lab, boshining orqasidan o‘q uzishlar uchun javobgarlik.

Rossiya davlati endi shunday eslab qolinadi. Bu sizning tasviringiz. Sizning madaniyatingiz va insoniy qiyofangiz ushbu ukrainalik ayol va erkaklar bilan birga halok bo‘ldi
".

Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya harbiylari tomonidan Buchada tinch aholining o‘ldirilgani haqidagi xabarlarni «provokatsiya» va «sahnalashtirish» deb atadi.

Vazirlikning ta’kidlashicha, Bucha rus harbiylari nazorati ostida bo‘lgan davrda «birorta ham mahalliy aholi zo‘ravonlik harakatlaridan jabr ko‘rmagan», Ukraina harbiylari esa shaharning janubiy tumanlarini «kun-u tun» o‘qqa tutgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi 30 mart kuni shahar rus harbiylari tomonidan tashlab ketilganini ta’kidlab, Buchadagi barcha jinoiy dalillar Ukraina xavfsizlik xizmati zobitlari va Ukraina televideniyesi vakillari shaharga kelgan to‘rtinchi kunda paydo bo‘lganini shubhali deb hisoblamoqda. Mudofaa vazirligi, shuningdek, jasadlar o‘limdan «kamida to‘rt kun o‘tgandan keyin» go‘yoki bunday ko‘rinishda bo‘lmasligi kerakligini aytib, «alohida xavotir» bildirgan.

Rossiya «Ukraina radikallarining Buchadagi dahshatli provokatsiyasi munosabati bilan» 4 aprel kuni BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazishni so‘ragan. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa Buchadagi tinch aholi o‘limiga oid dalillardan «chuqur hayratda qolganini» aytdi va mustaqil tergov o‘tkazish va aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi.

Rossiyaning hukumatparast OAVlari feyk video haqidagi argumentlarni tarqatmoqda. Ular «Mediazona» nashri tomonidan ishonchli tarzda rad etildi. Ilgari Mariupoldagi bolalar kasalxonasidan olingan tasvirlarning «soxtaligi» haqida yolg‘on da’volarni tarqatib kelgan «Feykga qarshi kurash» Telegram kanali 3 aprel kuni ertalab Buchada rus qo‘shinlari chekinganidan keyin shahar bo‘ylab harakatlanayotgan mashina ichidan olingan videotasvirlarning go‘yoki soxtaligini «fosh qildi».

Telegram kanalda aytilishicha, kadrlardan birida yo‘l chetida yotgan marhum go‘yo qo‘lini qimirlatadi, mashinaning orqani ko‘rish oynasidan esa boshqa bir o‘likning go‘yoki o‘tirgani ko‘rinadi. Ushbu xabarlarni Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z Telegram kanaliga repost qildi; bu dalillar hukumatparast OAVlarda, masalan, «RIA Novosti» agentligining kechki xabarida aylandi.

«Mediazona» esa «Feykga qarshi kurash» tomonidan davo qilingan dallilar aslida qanday ekanini sifatli kadrlarda tahlil qilib berdi. Nashr ko‘rsatganidek, «qimirlagan qo‘l» tasavvuri avtomobilning old oynasiga tushgan shu’la sabab, «o‘tirgan odam» esa orqani ko‘rish oynasidagi buzilish sabab yuzaga kelgan. Buni yuqori sifatli videoning sekinlashtirilgan shaklida bemalol ko‘rish mumkin.

G‘arb davlatlari Ukrainada tinch aholi o‘ldirilgani sababli Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel, Germaniya kansleri Olaf Shols, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ma’lum qildi. Ko‘plab Yevropa yetakchilari voqea haqida bayonotlar berdi; Fransiya prezidenti Emmanuel Makron «Rossiya hukumati ushbu jinoyatlar uchun javob berishi kerakligini» aytdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bucha fojiasi. 3 aprelning asosiy voqealari