12:00 / 23.04.2022
1 091

O‘zbekistonlik imom-xatiblar Pensilvaniyada istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan uchrashdi

O‘zbekistonlik imom-xatiblar Pensilvaniyada istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan uchrashdi
Mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi bosh konsulxonasi tashabbuslari bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimlaridan iborat delegatsiya va Filadelfiya shahri (Pensilvaniya shtati)ga tashrif buyurdi va Ramazon oyiga bag‘ishlangan bir qator marosimlarda, jumladan, 800 kishilik iftorlik, tarovih va xatm namozlarida qatnashdi.

Xususan, mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi xabariga ko‘ra, iftorlik marosimi Filadelfiya shahrida joylashgan «Isabet Islom o‘quv markazi» qoshidagi maxsus binoda 800 dan ortiq vatandoshlar bilan birgalikda bo‘lib o‘tdi. Marosim avvalida O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobovning Ramazon oyi munosabati vatandoshlarga yo‘llagan tabrigi elchixona xodimlari tomonidan o‘qib eshittirildi. Ushbu tabrikda vatandoshlarimizni muqaddas Ramazon oyi bilan alohida tabriklagan holda, so‘ngi yillarda yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish uchun tarixiy ishlar amalga oshirilayotganiga alohida e’tibor qaratildi. Yangi O‘zbekistonda demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umum e’tirof etilgan prinsiplarga qat’iy amal qilgan holda, davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy ildizlari mustahkamlanayotgani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, vatandosh uyushmalar bilan ko‘p qirrali ishlar olib borilayotganiga alohida to‘xtalib, ular O‘zbekistonning AQSHdagi mavqeyini oshirish, millatimizning urf-odatlari va an’analarini saqlab qolish hamda yurtimizning boy ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish va ommalashtirishga qo‘shib kelayotgan hissalari uchun tashakkur bildirildi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari tomonidan yurtimizda so‘nggi yillarda diniy sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda fuqarolarimiz diniy erkinlarini ta’minlash yo‘lida tashkil etilgan imkoniyatlar haqida so‘zlab berildi. Hukumatimiz rahbari tomonidan bu kabi o‘zbek delegatsiyalarining turli davlatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan birgalikda Ramazon oyi tadbirlari amalga oshirish bo‘yicha imkoniyatlar yaratilganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Tadbir davomida Pensilvaniya shtatidagi vatandosh tashkilot rahbar va faollari so‘zga chiqib, ushbu safarni tashkillashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratgan yurtboshimizga ezgu tilaklar tilab, mamlakatimiz tomonidan xorijdagi vatandoshlarimizga qaratilayotgan katta e’tibor haqida ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yangi «Vatandoshlar» jamoat fondi tashkil etilgani vatandosh uyushmalar bilan faol muloqot olib borish, ularni qo‘llab-quvvatlash va tarixiy vatan atrofida jipslashtirish uchun yangi imkoniyat ekanligi haqida so‘zlandi.

Jumladan, Skyline realter kompaniyasi asoschisi va rahbari Akmal Xolboyev va Mubin Transportation kompaniyasi rahbari Abdurashid Muminov fiklariga ko‘ra, bu kabi tadbirlar xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz uchun katta e’tibor belgisi ekanligini e’tirof etgan holda ushbu marosimlarni amalga oshirishda qo‘llab quvvatlagan O‘zbekiston prezidenti va mas’ul idoralar rahbarlariga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi. Ularning fikricha, kelgusida ham shu kabi tadbirlarni amalga oshirish vatandoshlarimiz uchun juda muhim bo‘lib, Amerikadagi yurtdoshlarimizni jipslashtirish, O‘zbekiston va Amerika xalqlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tarovih namozi ham aynan shu «Isabet Islom o‘quv markazi»da 600 dan ortiq musulmonlar ishtirokida o‘tkazildi. Ushbu diniy marosimda ma’ruza bilan chiqish qilgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimlari, AQSH hududida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning yod g‘oya va turli diniy ekstremistik tashkilot va oqimlarga tushib qolmasliklari, O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan an’anaviy islomning afzalliklari haqida so‘zlab berildi. Yangi O‘zbekistonda diniy ekstremizm va terrorizm tahdidlariga qarshi kurash «Jaholatga qarshi ma’rifat» ulug‘vor g‘oyasi ostida amalga oshirilayotgani to‘g‘risida aytib o‘tildi. Farzand tarbiyasi, milliylikni, o‘zbek urf-odat va an’analar, madaniyati va qadriyatlarni saqlab qolish, muqaddas Ramazon oyida imkon qadat savobli amallarni bajarish kerakligi haqida ham alohida so‘zlashildi.

Shuningdek, ushbu tadbirlarda qatnashayotgan vatandoshlarimizning xohish va istaklarini inobatga olgan holda savol va javob tariqasida davra suhbati ham tashkil etildi. Ushbu davra suhbati jarayonida Islom dini va boshqa dinlarning turli firqa, yo‘nalish va oqimlari AQSHda keng tarqalgan holda faoliyat olib borishini inobatga olgan holda, vatandoshlarimizga an’anaviy va fanatik Islomning farqlari, shuningdek, bizning yurtimizda mavjud bo‘lgan va buyuk allomalarimiz tomonidan mukammalashtirib kelingan an’anaviy Islomning asosiy urf odatlari va boshqa belgilari haqida alohida ta’kidlab o‘tildi.

22 aprel kuni marosimlarni tashkillashtirgan o‘zbek vatandosh jamiyatlari rahbarlari va a’zolari, Pensilvaniya shahridagi yurtdoshlar hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi va diplomatik vakolatxona xodimlari ishtirokida saharlikka bag‘ishlangan alohida tadbir uyushtirilib, ushbu tadbir davomida vatandoshlarning yashash shart-sharoitlari, ehtiyojlari, ularni qiynayotgan muammolar va ularni birgalikda bartaraf qilish yo‘llari va boshqa mavzular yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Amaliy ruhda o‘tgan tadbirlar AQSHdagi diasporal tashkilotlari rahbarlari va faol vatandoshlar bilan hamkorlikdagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tarish, vatandoshlar o‘rtasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillarini jalb qilgan holda turli xil tadbirlarni tashkil qilish masalalari bo‘yicha fikrlar almashinib olindi.

Shundan so‘ng vatandoshlarimiz, «Yurtdosh o‘zbek — Amerika assotsiatsiyasi», «Pitsburgdagi o‘zbeklar jamiyati» tashkilotlari rahbarlari va faollari bilan uchrashuvlar Filadelfiya shahrida bunyod etilayotgan yangi «Masjid Al-Buxori» islom markazi va masjidiga tashrif buyurildi. Hamyurtlarimiz iltimoslariga binoan imom xatiblarimiz masjid mehrobining tamal toshlarini qo‘yish marosimida ham qatnashishdi.

Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra ushbu majmua nafaqat vatandoshlarimizning diniy ehtiyojlari qondiruvchi, xususan, nikoh o‘qish, janoza va boshqa diniy tadbirlarni o‘tkaziladigan maskan, balki Pensilvaniya shtatida og‘ir ahvolda qolgan hamyurtlarimiz uchun yordam beruvchi ijtimoiy tashkilot bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, vatandosh tashkilotlar vakillari ushbu markaz O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi va mahalliy politsiya, hukumat vakillari bilan aloqalarni o‘rnatib, vatandoshlarimiz duch kelayotgan muammolarni hal etishda tayyor ekanliklarini aytib o‘tishdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimlari masjid barpo etish bilan bog‘liq o‘zlarining tegishli maslahatlarini berishdi va ushbu Islom markazi faoliyatini o‘zaro hamkorlikda olib borishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » O‘zbekistonlik imom-xatiblar Pensilvaniyada istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan uchrashdi