10:43 / 25.04.2022
2 648

Ukrainadagi vaziyat: Ikkinchi bosqichdagi maqsad ma’lum qilindi, urush uzoq cho‘zilishi mumkin

Ukrainadagi vaziyat: Ikkinchi bosqichdagi maqsad ma’lum qilindi, urush uzoq cho‘zilishi mumkin
Foto: Reuters
Rossiyalik general «maxsus amaliyot»ning ko‘zlangan maqsadi bo‘yicha yangi versiyani e’lon qildi, Britaniya Polshaga tanklarini yuboradi, evaziga polshaliklar o‘zinikini Ukrainaga jo‘natadi. «Moskva» kreyseridagi yo‘qotishlar ilk bor tan olindi.

Moskva «maxsus amaliyotning ikkinchi fazasi» maqsadiga aniqlik kiritdi
Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni vazifasini bajaruvchi Rustam Minnekayevning so‘zlariga ko‘ra, «maxsus amaliyotning ikkinchi fazasi» «bir necha kun oldin boshlangan» uning maqsadi - Donbass va Janubiy Ukraina ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish, shuningdek Qrimga quruqlik orqali yo‘lak ochilishini ta’minlash hisoblanadi.

Bungacha Rossiya hukumati amaliyotdan maqsad Donetsk va Lugansk oblastlari ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish ekanini aytgandi, shu vaqtgacha «Janubiy Ukraina» formulirovkasi tilga olinmagandi.

Minnekayev Ukraina janubida nazorat o‘rnatish - «rusiyzabon aholiga zulm qilish faktlari mavjud bo‘lgan» Dnestrbo‘yiga chiqish imkonini berishini ta’kidladi.

«Ukraina janubi ustidan nazorat o‘rnatish — rus tilli aholiga zulm o‘tkazilayotgan yana bir hudud bo‘lmish Dnestrbo‘yiga chiqish yo‘li bo‘ladi. Aftidan, biz hozirda butun dunyoga qarshi urishyapmiz, Ulug‘ vatan urushida bo‘lgani kabi butun Yevropa, butun dunyo bizga qarshi. Ular hech qachon Rossiyani yoqtirmagan, hozir ham shunday», degan general.


Rossiya armiyasi Ukraina sharqida zarba berish uchun hududlarni tanlamoqda
Ukraina mudofaa vazirligi vakili Aleksandr Motuzyanik Rossiya qurolli kuchlari hozirda Ukraina qurolli kuchlariga zarba berish uchun nisbatan qulay joylarni tanlamoqda.

«Rossiya armiyasi rahbariyati asosiy zarbalarni berish uchun qulay joylarni aniqlashtirish jarayonini yakunlamoqda. O‘t ochish uslublari, jangovar tuzilmalar joylashuvi, raqib harbiylarining tashilishi, shuningdek alohida yo‘nalishlarda to‘xtovsiz hujum harakatlari ham shundan darak bermoqda», degan Motuzyanik.

Jonson: Ukrainadagi urush keyingi yil oxirigacha davom etishi mumkin

Boris Jonson Dehlida Narendra Modi bilan uchrashdi / Reuters
Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Hindistonga tashrifi vaqtida Ukraina arsenalini to‘ldirish maqsadida o‘z zaxiralaridagi og‘ir qurollarni jo‘natishi rejasi haqida gapirdi. U Varshava Kiyevga jo‘natayotgan T-72 tanklari evaziga, Polshaga britanlarning «Chellenjer» rusumli tanklari yuborilishini va’da qildi.

Jonson shuningdek G‘arb razvedkasining Ukrainadagi harbiy harakatlar keyingi yil oxirigacha cho‘zilishi mumkinligi haqidagi xulosalariga qo‘shilishini bildirgan.

«Putinda ulkan armiya bor. U hozirda juda murakkab siyosiy vaziyatda, chunki u halokatli xatoga yo‘l qo‘ydi. Unda hozirda bor bo‘lgan yagona variant - o‘zining jirkanch, artilleriya zarbalariga asoslangan beshafqat yondashuvini davom ettirib, ukrainlarni yengishga urinish bo‘ladi.

O‘ylaymanki, Vladimir Putin yaqin oylarda qanchalik harbiy ustunlikka ega bo‘lmasin, bu urush uzoq davom etadi - u Ukraina xalqining ruhini sindira olmaydi
», degan Jonson.

Jonson Britaniyaning Kiyevdagi elchixonasi faoliyati tez orada tiklanishini ma’lum qilgan, elchixona Rossiya bosqini boshlanishi arafasida vaqtincha yopilgandi - o‘shanda G‘arb razvedkasi Ukraina poytaxti bir necha kun ichida bosib olinishini prognoz qilgandi.

Jonson aprel oyi boshida Kiyevga keldi va prezident Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Avvalroq britanlar bosh vaziri Ukrainaga 100 mln funtlik qurollar yetkazib berilishini ma’lum qilgandi.

Fransiya ham Ukrainaga gaubitsalar, snaryadlar va’da qilgan, shuningdek tankka qarshi Milan raketalari to‘plami jo‘natilgan.

RF Mudofaa vazirligi «Moskva» kreyserida yo‘qotishlarni tasdiqladi

MIKE RIGHT/TWITTER
Rossiya Mudofaa vazirligi 13 aprel kuni «Moskva» raketa kreyserida yuz bergan yong‘inda bir kishi halok bo‘lgani, 27 kishi bedarak yo‘qolgani haqida xabar qildi.

«Kemadagi yong‘inni o‘chirish uchun harakatlar vaqtida bir harbiy halok bo‘ldi, ekipajning yana 27 a’zosi bedarak yo‘qoldi. Qolgan 396 nafar harbiy evakuatsiya qilinib, Qora dengiz flotidagi kreyserdan Sevastopolga olib kelingan», deyiladi vazirlik bayonotida.

Vazirlik dastlab kreyser ekipaji to‘liq evakuatsiya qilingani va Sevastopolga yetkazilgani haqida ma’lum qilgandi. 16 aprel kuni Sevastopolda Rossiya harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondoni Nikolay Yefmenov va kreyser ekipaji vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi - vazirlik tarqatgan kadrlarda safda 100 chog‘li kishi turganini ko‘rish mumkin edi.

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarda kreyser ekipajida yo‘qotishlar bo‘lgani haqida xabarlar chiqa boshladi. Dastlab «Moskva»da kamida bir kishi - michman Ivan Varxushev halok bo‘lgani xabar qilindi, bu haqda uning rafiqasi ijtimoiy tarmoqda yozgan. Keyinroq ota-onalar muddatli harbiy xizmatni ushbu kreyserda o‘tayotgan farzandlari bedarak ketgani haqida xabar qila boshladi.

«Meduza» nashri Qora dengiz flotidagi manbasiga asoslangan holda hodisa oqibatida ekipajning 37 a’zosi halok bo‘lgani va yuz nafar atrofida kishi bedarak yo‘qolganini xabar qildi. Manba so‘zlariga ko‘ra, kemada 500 nafar atrofida odam bo‘lgan.

«Moskva» kreyseri - suvosti madaniy meros ob’ekti
Ukraina hukumati Qora dengiz ostidagi «Moskva» kreyserini Ukraina suvosti madaniy meros ob’ekti sifatida tan olishini ma’lum qildi.
Ukraina mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, cho‘kib ketgan kreyser Ukraina suvosti madaniy merosi reyestriga 2064 raqam ostida kiritilgan.

«YUNЕSKO konvensiyasiga muvofiq, davlatimizning iqtisodiy faoliyati doirasida Qora dengiz tubidagi inson faoliyatining barcha izlari Ukraina mulki hisoblanadi», deyilgan vazirlik bayonotida.

BMT: Ukrainadagi urushda xalqaro huquq buzilgan
BMT kuzatuvchilari missiyasi Buchada 50 kishi o‘ldirilganini qayd etdi. Bayonotda bunday qasddan sodir etilgan qotilliklar harbiy jinoyatlarga tenglashtirilgan.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi tekshiruvlari Bucha bunday jinoyatlar sodir etilgan yagona hudud emasligini qayd etgan.
BMT monitoring guruhi Ukraina bo‘ylab 300 dan ortiq noqonuniy qotilliklar haqida xabar kelib tushganini ma’lum qilgan. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainadagi vaziyat: Ikkinchi bosqichdagi maqsad ma’lum qilindi, urush uzoq cho‘zilishi mumkin