Bugungi kunda vitaminlar deyarli har qanday kasallikning oldini olish uchun universal vosita hisoblanadi. Ulardan foydalanish bo‘yicha maslahatlar sog‘liq va go‘zallikka oid har bir nashrda mavjud. Ammo, avvalo, mutaxassis bilan maslahatlashmasdan, vitamin qabul qilish organizm uchun xavfli bo‘lishi mumkinligini yodda tutish kerak.
Vitaminlar sog‘liq uchun zarur bo‘lgan biologik faol birikmalardir. Vitaminlarning o‘ziga xosligi shundaki, ularning aksariyati organizmda shakllanmaydi. Shu bois, ular tashqaridan muntazam ravishda oziq-ovqat ko‘rinishida qabul qilinishi lozim. Biroq vitaminni oziq-ovqatdan yetarli miqdorda olish imkonsiz bo‘lgan holatlar mavjud. Bunday hollarda ushbu muhim moddalarning ma’lum miqdorini o‘z ichiga olgan qo‘shimchalarni buyurish mumkin.
Ammo barcha vitaminlarni shifokor retseptisiz ichish yaramaydi. Ulardan ba’zilari nazoratsiz qabul qilingan taqdirda organizmga jiddiy zarar yetkazadi. Bu borada vitaminlar sog‘liq uchun xavf tug‘diradi, deb hisoblaydi endokrinolog, tibbiyot fanlari nomzodi Oksana Grigoryevna. Quyida ana shunday vitaminlar ketma-ketligi keltiriladi.
D vitamini
So‘nggi paytlarda dunyo bo‘ylab D vitamini iste’moli keng tarqaldi. Uning tuzilishi va ta’siri gormonlarga o‘xshaydi. D vitamini kalsiyning ichaklarda so‘rilishini rag‘batlantirish va uning tanadan chiqarilishini kamaytirish orqali kalsiy almashinuvida muhim rol o‘ynaydi. Kalsiyning suyak to‘qimalariga kirib borishiga yordam beradi, suyakning mineral zichligi shakllanishini ta’minlaydi.
Kalsiy metabolizmiga ta’siridan tashqari D vitamini immunologik bardoshlilik hosil bo‘lishida ishtirok etadi. Prenatal davrdan boshlab immunitet kasalliklarining rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Uning immunitet tizimiga ta’siri virusli va bakterial infeksiyalarga chidamliligini oshirish, saraton va diabet xavfini kamaytirish nuqtai nazaridan ham isbotlangan.
Shuni ta’kidlash kerakki, gap kasallikning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida emas, balki faqat xavfni kamaytirish haqida ketmoqda. D vitamini organizmga oziq-ovqat bilan kiradi va quyosh nurlari ta’sirida terida ham sintezlanadi. Oziq-ovqat mahsulotlarida (baliq, tuxum, sariyog‘) oz miqdorda D vitamini bo‘lib, u kunlik ehtiyojni qondira olmaydi.
D vitaminini preparat shaklida nazoratsiz qabul qilish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin: giperkalsemiya — qonda juda ko‘p kalsiy to‘planishi va uning arteriyalarda yoki yumshoq to‘qimalarda cho‘kishi. Tanadagi D vitaminini haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish buyrak toshlarining shakllanish xavfining oshishi bilan ham bog‘liq.
E vitamini
Aslida, bu bitta vitamin emas, balki yog‘da eriydigan vitaminlarning butun guruhi (alfa-tokoferol, gamma-tokoferol, tokotrienollar). U bug‘doy doni, avokado, yong‘oq, kungaboqar urug‘lari va turli sabzavotlarda uchraydi. E vitaminining yetarli miqdori o‘simlik moylarida mavjud.
E vitaminining asosiy ta’siri antioksidantdir. Peroksidlanishdan hujayra shikastlanishining oldini oladi va immunitetni oshirish, saraton, yurak-qontomir kasalliklari va yallig‘lanishdan himoya qilishda yordam beradi.
C vitamini
C vitamini suvda eriydigan vitamindir, shuning uchun ortig‘chasi odatda organizmda emas, balki peshob orqali chiqarib yuboriladi. U o‘simliklarda, ayniqsa sitrus mevalarida, bulg‘or qalampirida va brokkoli tarkibida uchraydi.
C vitamini to‘qimalarning o‘sishi va tiklanishiga yordam beradi, immunitet tizimiga ta’sir qiladi, kollagen sintezini rag‘batlantiradi, serotonin (tabiiy antidepressant) hosil bo‘lishida ishtirok etadi, shuningdek, antioksidant xususiyatlarga ega.
Ba’zilarda C vitaminning yuqori dozalari diareya, ko‘ngil aynishi, jig‘ildon qaynashi, gastrit, charchoq, bosh og‘rig‘i va uyqusizlik kabi belgilarga olib keladi. Shuning uchun uni shifokor bilan maslahatlashmasdan qabul qilmaslik kerak. Surunkali jigar yoki buyrak kasalligi, podagra yoki buyrak toshlari bilan og‘rigan odamlar C vitaminining yuqori dozalarini qabul qilmasliklari kerak.
A vitamini va beta-karotin (provitamin A)
A vitamini kuchli antioksidant bo‘lib, ko‘rish qobiliyatining ajralmas (xususan, yoshga bog‘liq ko‘rish qobiliyatini yo‘qotishning oldini olish uchun) moddadir. U suyaklar salomatligiga, tish va terini shakllantirish va uzoq saqlashda yordam beradi. U tuxum, go‘sht va sut mahsulotlarida mavjud. Beta-karotin manbalari: to‘q sariq, sariq meva va sabzavotlar, quyuq yashil bargli sabzavotlardir.
A vitaminini katta dozalarda nazoratsiz qo‘llash homilador ayollar uchun xavflidir, ayniqsa, bu davrning erta bosqichlarida, chunki bu homila shakllanishida nuqsonga sabab bo‘lishi mumkin.
Foliy kislotasi (vitamin B9)
Bu vitamin yangi hujayralar shakllanishi uchun zarur. Homiladorlikning ilk boshida qabul qilinganda homilada miya va umurtqa pog‘onasida tug‘ma nuqsonlarning oldini olishga yordam beradi. Yurak kasalligi xavfini kamaytiradi. Ba’zi olimlarning fikriga ko‘ra, yetarli miqdordagi foliy kislotasi DNKdagi xatolarni tuzatish orqali saraton o‘smalaridan himoya qilishi mumkin, ammo uning ko‘p miqdori mavjud o‘smalarning rivojlanishiga yordam beradi. B9 vitamini manbalari: sabzavotlar, yangi mevalar, jigar, dengiz mahsulotlari va tuxum.
Vitamin B6
B6 vitamini metabolik jarayonlarda ishtirok etadi, yurak kasalliklarini rivojlanish xavfini kamaytiradi. Serotonin sintezi jarayonida (uyqu, ishtahani va kayfiyatni tartibga solish jarayonlarida asosiy rol o‘ynaydi) ishtirok etadi. Kognitiv qobiliyat va immunitet funksiyasiga ta’sir qiladi. Go‘sht, baliq, parranda go‘shti, dukkaklilar, kartoshka, sitrus bo‘lmagan mevalarda mavjud.
Bir yil va undan ko‘proq vaqt davomida ko‘p miqdorda B6 vitamini qabul qilish periferik nervlarga zarar yetkazadi, suyak og‘rig‘i, mushaklar kuchsizligi, uyqusizlik, oyoq-qo‘l mushaklarining majburiy qisqarishi va yurishning buzilishiga olib kelishi mumkin. Tadqiqot davomida bu alomatlar preparat to‘xtatilganda yo‘qoladi.
Shu tariqa vitamin qo‘shimchalarini qabul qilish ba’zan sog‘liq uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Vitaminlarni qabul qilishni boshlashdan oldin tanqislik belgilarini aniqlashga yordam beradigan, shuningdek, tashxis qo‘yish uchun zarur bo‘lgan tekshiruvlarni tayinlaydigan shifokor bilan maslahatlashish kerak. Deyarli barcha vitaminlar qonda laboratoriya tekshiruvlaridan so‘ng aniqlanadi. Tahlillarda og‘ishlar aniqlansa, shifokor davolash va kelgusida yetishmovchiligini oldini olish uchun kerakli dozani hisoblab chiqadi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring