O‘zbekistonga yoz fasli kirib kelishi bilan salqin ichimliklar, sersuv meva hamda poliz ekinlariga talab oshadi. Tarvuz ham shular jumlasidan, ushbu mahsulotni hali mavsum tugab ulgurmay to‘yib yeb olish ilinjidagi xaridorlar bozorlarni to‘ldirgan. Ammo aksar odamlarda yaxshi tarvuzni qanday, qaysi jihatlariga e’tibor bergan holda tanlab olish bo‘yicha aniq bir tushuncha bo‘lmagani sababli “Daryo” shu poliz ekinini sotib olishda asqatadigan omillar haqida ma’lumot olish uchun sotuvchilardan maslahat so‘radi.
Toshkent shahridagi bozorlardan birida tarvuz sotish bilan shug‘ullanadigan Birjon Esxo‘jayevning aytishicha, yaxshi tarvuz tanlash uchun, birinchi navbatda, uning ovozi, po‘stlog‘i va rangiga e’tibor berish kerak.
“Rangi deganda oq tusdagi chiziqlarni nazarda tutyapman. Ular qancha och rangda bo‘lsa, shuncha mazali bo‘ladi. Ovozi dangillagan, tarsillaganlari ham yaxshi chiqadi, po‘qillagan ovozdagisi esa hali yetilmagan bo‘lishi mumkin. Tarvuzni urganda undan barabandek, doiradek tovush chiqishi lozim. Bundan tashqari, po‘sti ham ahamiyatga ega — tarvuz uchidagi dum qiyshayibroq o‘sgan bo‘lishi kerak. Ba’zilariniki tikka turgan bo‘ladi, bu ular hali pishib ulgurmaganini anglatadi”, — deya tushuntirdi sotuvchi.
Ayrim odamlar tarvuzdagi katta oq dog‘lardan xavfsirab, sotib olish fikridan qaytishi mumkin. Birjon akaning o‘rgatishicha, aslida dog‘lardan qo‘rqish kerakmas, u shunchaki suvning asorati, xolos.
“Tarvuzning shakli, katta-kichikligi ham ahamiyatga ega emas. Oilasi ko‘pchilikni tashkil qiladiganlar kattasini, boshqalar kichkinasini olishi mumkin, ta’mida hech qanday farqi yo‘q”, — deydi Birjon Esxo‘jayev.
Uning ta’kidlashicha, har qaysi usulni qo‘llab ko‘rgan bilan, baribir tarvuz ichidan nima chiqishini aniq aytish qiyin:
“Baribir aniq bilib bo‘lmaydi, bu dumaloq narsa, ichida nima borligini yuz foiz aytish qiyin. Lekin 95 foiz holatlarda biz aytgan usullarda tarvuz yaxshi chiqadi. Ovozining tirsillashi, rangining oqligi, bandining burama ekani — eng asosiy jihatlar”.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring