Uni ko‘pincha Bollivudning birinchi xonimi va Shohrux Xonning bir umrlik muhabbati deb atashadi, ammo Gauri Xon superyulduz bilan turmush qurgan yillari davomida o‘zining betakror obrazini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. U prodyuser, interer, liboslar va moda dizayneri sifatida tanilgan. To‘g‘ri, uning hashamatli, qimmatbaho ishlari tobora ko‘proq tanqid qilinmoqda, ammo Gauri bunga e’tibor bermaydi.
U o‘zining dizayn studiyasini ochdi, “Dizayndagi hayotim” kitobini nashr etdi, hashamatli dekoratsiyaga bag‘ishlangan “Orzudagi uylar Gauri Xon bilan” tok-shousini boshladi va hatto har kimga dizaynni o‘rgatishni va’da qilgan kurslarni sota boshladi.
Gauri Xon 1970 yil 8 oktyabrda Hindiston armiyasi polkovnigi Ramesh Chandra Chibber va uning rafiqasi Savita oilasida tug‘ilgan. Gauri tug‘ilganda juftlikning Vikrant ismli o‘g‘li bor edi, u keyinchalik tadbirkorlik sohasidan ketdi.
Otasi Ramesh erta nafaqaga chiqqach, ayollar kiyimlarini ishlab chiqarish va chet elga eksport qilish biznesini boshlaydi. Bugun uning ishini o‘g‘li va nabirasi davom ettirmoqda. Gauri maktabdan keyin uzoq vaqtgacha qanday kasb tanlashi to‘g‘risida qaror qabul qila olmaydi, otasi boshlagan biznes esa unga yordam beradi.
Avvaliga u kollejni tugatadi va tarix bo‘yicha bakalavr darajasini oladi, keyinroq Milliy texnologiya va moda institutining moda dizayni kurslariga o‘qishga kiradi. U yerda otasining kiyim-kechak biznesiga qo‘shilish uchun tikuvchilik bo‘yicha tahsil oladi.
Ammo Shohrux Xonga turmushga chiqishi va Dehlidan Mumbayga ko‘chib o‘tishi Gaurining moda dizayneri sifatidagi iste’dodini ro‘yobga chiqarish imkoniyatini ko‘p yillarga kechiktiradi. Shohrux musulmon ekani va aktyor bo‘lganligi sababli qizning ota-onasi dastlab yoshlarning turmush qurishiga rozi bo‘lmagan. Ammo ularning qaroridan Xonning qat’iyati, sevgisi va xarizmasi kuchliroq bo‘lib chiqdi.
Ular 1984 yilda Dehlida Shohruxning Bollivuddagi muvaffaqiyatli karerasi boshlanishidan oldin uchrashgan. Juftlik 1991 yil 25 oktyabrda turmush quradi.1997 yilda o‘g‘li Aryan, 2000 yilda qizi Suhana, 2013 yilda esa surrogat ona yordamida Shohrux va Gaurining uchinchi farzandi — o‘g‘li Abram dunyoga keladi.
Superyulduzning rafiqasi bo‘lgan Gauri yoshligida unga tez-tez aktrisa bo‘lishni taklif qilishganini tan oladi. Ammo Shohrux uni telbalarcha rashk qilgan va Gaurining o‘zi ham kamera qarshisida turishni yoqtirmagani uchun prodyuser bo‘lishni tanlagan. Ular birgalikda Red Chillies Entertainment kompaniyasiga egalik qiladi va “Men borman-ku”, “Om Shanti Om”, “Ra.Birinchi”, “Chennay ekspress”, “Mening ismim Xon” kabi filmlarni birgalikda yaratgan.
Intervyularining birida yulduzning rafiqasi aynan Shohrux uni interer dizayniga undaganini aytadi.
U har doim menga yoqadigan ish qilishimni xohlardi. Uyimizni ta’mirlashni boshlaganimizda, “Intererni bezashga o‘zing urinib ko‘rmaysanmi?” dedi. Bolaligimdan rasm va san’atga qiziqaman. O‘z uyimning dizayneri bo‘lishga urinish o‘zimga ham qiziq tuyuldi. Hammasi shundan boshlangan.
Bugungi kunda Gauri Xon tijoriy binolardan tortib, kurortlar, mehmonxonalar va hashamatli uylargacha bo‘lgan keng ko‘lamli loyihalar ustida ishlaydi. U o‘zining mashhur mijozlari bilan gazetalarda tez-tez tilga olinadi.
Xon Karan Joharning egizaklari uchun bolalar bog‘chasini, Sidhart Malhotra va Ranbir Kapur uylarining intererini loyihalashtirgan, shuningdek, Mumbaydagi zamonaviy hind restorani Arth intereri ustida ishlagan.
Bunga Gauri Khan Designs brend do‘koni, italyan dizayner lampalari kolleksiyalari va dunyoning turli burchaklaridan kelgan go‘zal san’at asarlarini qo‘shish mumkin. Uning maqsadli auditoriyasi — yuqori sinf vakillari. Axir, uning do‘konidagi chiroq yoki stolning narxi 240 ming dollargacha yetishi mumkin.
Biroq hashamatli va yuqori narxga qaramay, hamma ham Gauri Xonning interer borasidagi didini yoqtirmaydi.
“Uning dizayni juda noqulay va didsiz! Garchi buyumlari qimmat bo‘lsa ham arzon narsalardek ko‘rinadi!” — deb yozadi foydalanuvchilar.
“Mijozlar uning oldiga faqat Shohrux Xonning turmush o‘rtog‘i bo‘lgani uchungina boradi. Loyihalarining 90 foizi o‘rtacha”, — deydi boshqasi.
Bir voqeaga ko‘ra, panjoblik badavlat oila uyini loyihalash uchun Gaurini yollaydi. Mebelning sifati shunchalik yomon chiqadiki, bir necha oydan keyin sinib ketadi. Ular Gaurini sudga berish bilan tahdid qiladi.
Keyin bu ishga Shohrux aralashadi. U da’vogar oila bilan uchrashish uchun shaxsan o‘zi Panjobga uchib ketadi, yetkazilgan zararni saxiylik bilan qoplaydi va vaziyatni o‘z nazoratiga oladi. Aytgancha, o‘sha mebel vizual jihatdan chiroyli ko‘rinsa-da, mutlaqo sifatsiz va noqulay bo‘lgan.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring