Erkak kishi oilaviy munosabatlarda ayollarchalik talabchan emas. Risoladagi erkak sevgan ayolining uncha-muncha injiqliklarini ko‘tara oladi. Biroq ba’zan “bu ayolga nima kerak o‘zi, nima qilsam chakagi yopiladi” deb o‘ylab qolishlari turgan gap. Maqola ana shunday boshi qotib turgan erkaklarga mo‘ljallangan.
1. Bir-biringizdan nima istashingiz ayon bo‘lsin
Ayollar bor, eriga onadek g‘amxo‘r, ayollar bor, o‘la-o‘lguncha yosh boladek erka, ayollar bor, eriga xuddi do‘st-o‘rtoqdek va yana ayollar borki, Farmonbibidek hukmfarmo. Xullas, biz rossa har xilmiz. Siz yoningizda kimni ko‘rishni istaysiz? Qaysi turdagi ayol bilan bir umr hayot kechirishga tayyorsiz? Ana shu savollarga javobingiz bo‘lishi kerak. Avval boshdanoq, bir-biringizdan nima kutayotganingizni bilsangiz, tushunmovchiliklarning oldi olinadi. Oilaviy ziddiyatlarning aksari juftlar bir-biridan kutganlari oqlanmagani tufayli yuzaga keladi. Hafsala pir bo‘lganidan yomoni yo‘q. Shu sababli bo‘lajak juftingiz bilan kelajak haqida samimiy suhbatlashib oling.
2. Qarorni siz qabul qiling!
Erkak kishi aniq-ravshan fikrlaydi, mas’uliyatni zimmasiga ola biladi, jur’atli va irodali. Ayollar tuyg‘ular ta’sirida xayollarining ming ko‘chasiga kirib chiqquncha erkak bir qarorga keladi-qo‘yadi. Albatta, uning qarori muhokama qilinmaydi, aytdimi, tamom, bajariladi degani emas bu. Shunchaki, ayollar uzoq o‘ylanib, cho‘zilib o‘tiradigan erkaklarni yoqtirishmaydi.
Tavsiya etilmaydi:
- Dadasi, bugun biron joyga borib, ovqatlanaylik.
- Farqi yo‘q... Bugun majlisdan keyin qayoqqa istasang olib boraman, nimani aytsang olib beraman.
Tavsiya etiladi:
- Dadasi, bugun biron joyga borib, ovqatlanaylik.
- Jon deyman. Aytgancha, bir yangi restoranni bilaman, do‘stlarim maqtashgandi, o‘sha yoqqa olib boraman seni.
3. Ogohlantirmasdan yo‘q bo‘lib qolmang.
Ayollar xavotir va vahimaga moyil bo‘ladi. Shuni bilib turib, kutilmaganda qo‘ng‘iroq va SMSlariga javob bermay qo‘ysangiz hamda odatdagidan kech qoladigan bo‘lsangiz, tabiiyki, eng sovuqqon va aqlli ayol ham “Nima bo‘ldi ekan? Mashina urib ketdimikan? Yo yangi kelgan xodima ko‘zini suzdimikan? Balki umuman boshqa xotini ham bordir-u, hozir u erimga o‘g‘il tug‘ib berayotgandir...(keeeetdi bu yog‘i)” deb o‘ylay boshlaydi. Shu sababli vaqtincha aloqaga chiqa olmasangiz yoki kech qolayotgan bo‘lsangiz, ogohlantirib qo‘ying. Uning ko‘ngli, sizning esa qulog‘ingiz tinch bo‘ladi.
4. Buzilgan narsalarni to‘g‘rilashni biling.
Tasavvur qilingki, bir uyum tozalanmagan sabzavotlar, suyak-sayoq go‘sht va o‘t-o‘lanlardan biror soat ichida ayolingiz uch xil mazali taom pishirib kelsa, ko‘nglingiz qanday yayraydi? Xuddi shunday, bitta mix qoqish yoki jo‘mrakni tuzatib qo‘yish orqali ayolingizning ko‘z o‘ngida superqahramonga aylanishingiz mumkin. “Qo‘limdan kelmaydi, mexanik, duradgor yo santexnikka qo‘ng‘iroq qil” deb o‘tirmang, urinib ko‘ring. Qo‘lida bolg‘a tutgan va uni ishlata bilgan erkak har qanday ayolda hurmat hissini uyg‘otadi. Yagona muqobil variant: “Menga qara, bu ishlarga vaqtim yo‘q, pulning joyini bilasan, olgin-da, yangi unitazni ustasi bilan birga buyurtma qil, ortgan pulga o‘zingga bitta tufli sotib olsang ham roziman”. Ana unda sizdan o‘tadigan qahramon bo‘lmaydi dunyoda. Faqat hamyoningiz shunga imkon bersa. Aks holda bolg‘a ishlatishni o‘rganing.
5. Aytmasidan biling, so‘ramasidan muhayyo qiling.
Ayollarning kayfiyati juda o‘zgaruvchan, har daqiqada yangilanib turadi. Ammo ma’lum muddat kuzatib, yoringizni yaxshi bilib olsangiz, bu o‘zgaruvchanlikdagi ma’lum qonuniyatni ilg‘ab olasiz. Masalan, ob-havo, oy kunlari yoki g‘iybatlar ta’sirida o‘zgarishi mumkin bo‘lgan kayfiyatni siz o‘ta sezgir bir uskuna o‘laroq boshqarib borishingiz mumkin. Olaylik, ayol kishi hayz oldi kunlari jizzaki bo‘lib qoladi. Yana shirinlikka (ba’zilar aksincha, achchiq, sho‘r narsalarga) o‘ch bo‘ladi. Demak, shu kunlari uyga u istagan narsalarni olib kelish, janjal chiqarishga bo‘lgan urinishlarini esa hazil bilan engib o‘tish talab qilinadi. Ikki kunda o‘tib ketadi bu holat, ammo qancha kayfiyat buzilishiyu munosabatlar yomonlashishining oldini olgan bo‘lasiz. Ba’zida esa shunchaki, “Onasi, nima bo‘ldi, kayfiyating yo‘q? Qo‘y, menga sog‘lig‘ing kerak, ko‘p siqilma. Muammoni ayt, hal qilamiz” degan samimiy hamdardlik, yupatish so‘zlari eng a’lo shokoladdan ham yaxshiroq ta’sir qiladi.
6. Shunday tanqid qilingki, tanqidga o‘xshamasin!
Ayollar erlarini ko‘p tanqid qilganlari bilan, o‘zlari tanqidni yomon ko‘radilar. Murosayu madora esa doim kerak. Shuning uchun tanqidni maqtovdan boshlaysiz. Ayolni obdan maqtab, keyin “ayrim juz’iy kamchiliklari” haqida gapirish kerak.
7. Doim oz-ozdan bo‘lsa ham e’tibor ko‘rsatib turing, erinmang!
Sizningcha, gul ortiqcha harajat, ammo ayolingiz uni yaxshi ko‘radi. Uch oyda bir marta bo‘lsayam kutilmaganda uyga guldasta ko‘tarib keling. Vaqti-vaqti bilan kichkina syurprizlar qilib turing, masalan, hatto o‘sha ro‘zg‘orga kerak supurgini ham chiroyli sovg‘a sifatida taqdim qilish mumkin: “Eskisi seni juda qiynab qo‘yibdi, onasi, yangi supurgida yayrab supurging dedim-da”. Xullas, hamma narsani uning uchun qilayotganingizni sezdiring. Vaqt o‘tishi bilan bu ish o‘zingizga ham yoqa boshlaydi.
8. Tashqi ko‘rinishini maqtang (biroz yolg‘on ishlatsangiz ham mayli)
Ayol doim maftunkor bo‘lishi kerak. Bu isbot talab qilmaydigan, yoshligimizdan ongimizga singdirilgan haqiqat. Shu sababli qizaloqlar yoshligidanoq kiyim-kechakka o‘ch bo‘ladi. Tushunaman, Suriya va Ukraina inqirozi, qimmatbaho qog‘ozlar bozoridagi tarang ahvol manzarasida uning yangi soch turmagi va naqd to‘rt soat davomida tanlagan bilaguzugini payqash juda mushkul. Ammo harakat qiling. Vaqti-vaqti bilan navbatchi shirin so‘zlarni aytib turing, masalan, “bugun ochilib ketibsizmi?” Bu xushomadingiz juftingizni ko‘nglini ko‘tarishi, shubhasiz! Unutmang, har bir o‘zgarish sizga yoqish istagi ortidan amalga oshiriladi.
9. Hech qachon qilmaydigan ishlaringizni aytib qo‘ying.
Masalan, bolani yiqitib yuborsa yoki allergiyangiz qo‘zg‘ab turganini bilib ham moshli yoki no‘xatli ovqat pishirsa, bunga toqat qila olmaysiz. Buni avvaldanoq bildirib qo‘ying. Shuningdek, hech qachon sumkangni ko‘tarib yurmayman, sen bilan kiyim-kechak olishga bozorga tushmayman, ota-onangnikiga borganda mendan uzoq o‘tirishni talab qilma, degan narsalarni ham aytishga haqqingiz bor. Agar bir-ikki marta shu ishlarga mulozamat yoki odob yuzasidan ko‘z yumsangiz-u, keyin talabni qat’iy qo‘ysangiz, ayolingiz unga nisbatan munosabatingiz o‘zgardi, sovib qoldi degan shubhalarga boradi. Shuning uchun (garcha 1-punktning takroriga o‘xshab ketsa ham) buni qat’iy uqtiryapmiz.
Manba: Darakchi “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Lukashenko agar norozilik namoyishlari bo‘lsa, Belarusda internetni butunlay “uzish” bilan tahdid qildi
"Yirtqich" ovga chiqdi...
Vitaliy Levchenko: "Neftchi"da yoshlar yo‘q? Buning uchun sharoitlar yo‘q"