
Qandaydir bayram munosabati bilan dasturxon tuzashga kirishmoqchimisiz? Unda buni to‘g‘ri tashkil qilish va mehmonlarni kutib charchab qolmaslik uchun tavsiyalarimizga quloq tuting.
Taomnoma
Avvalambor taomnomani yaxshilab o‘ylab olish kerak. Unga asosiy klassik taomlardan tashqari, bir nechta noodatiy eguliklarni ham qo‘shing. Dasturxoningizdan go‘shtli yaxnalar bilan birga, baliq, tovuq va sabzavotlar ham o‘rin olsin, toki mehmonlarda tanlov bo‘lsin va hech kim och qolmasin.
Oldindan tayyorlash
Ziyofat uchun atalgan taomlarning bir qismini, chunonchi, kompotlar, pirog va tortlarni bir kun avval pishirib qo‘ying. Shuningdek, salat va garnirlar uchun tuxum va sabzavotlarni ham oldindan qaynatib oling, salatlarning o‘zini esa dasturxonga tortish oldidan tayyorlang.
Kuch va vaqtni tejang
Asosiy issiq ovqat sifatida bus-butunligicha duxovkada pishiriladigan taomlardan birini tanlaganingiz ma’qul. Shunda ham kuch va vaqtingiz tejaladi, ham mehmonlaringiz uchun oshqozonga foydali egulik tayyorlanadi.
Zaxira qiling
Konservalangan tansiq ovqatlarni zaxira qilib qo‘ying: agar ovqat mehmonlarning barchasiga ham etmay qolsa yoki rejalashtirilgan ovqatlar o‘xshamay qolsa, ular sizga qo‘l kelishi mumkin. Yoki o‘zingiz oldindan do‘lma yoki kotlet qiymasini tayyorlab, muzxonaga solib qo‘ying, ular ham “favqulodda holatlar”da sizga asqotadi.
Oson tayyorlanadigan eguliklar
Taomnomangizning kamida uchdan bir qismi oson tayyorlanadigan va tez tortiladigan eguliklardan iborat bo‘lishi kerak. Masalan, kolbasa va pishloq, go‘sht, sabzavotlardan tayyorlangan turli assortilar, buterbrodlar.
Ichimliklar — sovitgichga!
Ziyofat uyushtiriladigan kuni ertalabdan barcha salqin ichimliklarni sovitgichga solib qo‘ying, ularni biroz ortig‘i bilan sotib olgan ma’qul. Dasturxon bezashda kerak bo‘ladigan buyumlarning barchasini oldindan tayyorlab qo‘ying, qog‘oz salfetka va tish kovlagich kabi mayda-chuydalar haqida ham unutmang. Bashang dasturxon va jilolanib turgan idish-tovoqlar bayram shukuhini yuzaga keltiradi, bu sizga eguliklar tayyorlash va mezbonlik vaifalarini bajarishda kuch ato etadi.
Ziyofatingiz yaxshi o‘tsin! Mehmonlarni nafaqat ajoyib dasturxon, balki quvnoq, xushmuomala va ko‘p charchamagan mezbon mulozamati ham xursand qilsin! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar