date

Ob-havo ma'lumotlari noto‘g‘rimi?

Ob-havo ma'lumotlari noto‘g‘rimi?
Ob-havo prognozlari zamonaviy texnologiyalar yordamida tobora aniq bo‘lib bormoqda. Biroq jamoatchilik orasida ob-havo xabarlari hanuz ishonchsizlik bilan qabul qilinmoqda. Mashhur britaniyalik ob-havo boshlovchisi Kerol Kirkvud o‘zining 30 yillik faoliyati davomida bu kabi shikoyatlarga tez-tez duch kelishini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zida yomg‘ir deyilgan kun quyoshli bo‘lib chiqadi yoki aksincha – bu esa odamlarning ishonchini so‘ndiradi.

Mutaxassislarning aytishicha, hozirda bir kunlik ob-havo prognozlari 90 foizdan ortiq to‘g‘ri chiqadi. Biroq ommaviy axborot vositalarida bu prognozlar oddiy, qisqa va tezkor tarzda yetkazilishi kerak bo‘lgani sababli, barcha tafsilotlar to‘liq tushuntirib berilmaydi. Aynan shu narsa ayrim hollarda noto‘g‘ri talqin qilinishiga olib keladi.

Meteorologiya — nozik va murakkab fan. “Kaos nazariyasi”ga ko‘ra, hattoki 0,01°C darajadagi kichik xato butun prognozni o‘zgartirib yuborishi mumkin. Yana bir muammo — kichik geografik hududlar bo‘yicha aniqlik darajasi past bo‘lishi. Masalan, faqat 1 km maydonni qamrab oladigan tuman kabi ob-havo hodisalarini oldindan bilish juda qiyin.

Yaqin yillarda sun’iy intellekt yordamida prognozlar sifatini oshirish yo‘lida yirik qadamlar tashlandi. Google DeepMind tomonidan yaratilgan AI modellari 15 kungacha aniq prognoz berishga qodir.

Kelajakda ob-havo faqat “yomg‘ir yog‘adi yoki yo‘q” degan tarzda emas, balki “bu yomg‘ir sizning bog‘ingizga, safaringizga qanday ta’sir qiladi” degan yondashuvda taqdim etilishi kutilmoqda. Mutaxassislar “ob-havoning nafaqat qanday bo‘lishini, balki nimaga olib kelishini” tushuntirishni zarur deb hisoblayapti.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Ob-havo ma'lumotlari noto‘g‘rimi?